Gimnastrada: “Prezident kubogi” bekobodliklarda
Poytaxtimizdagi gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan “Universal” sport majmuasida “Gimnastika barcha uchun” shiori ostida o‘tgan gimnastrada bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi musobaqasining g‘olibligi bekobodlik Barchinoylarga nasib etdi.
Respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 33 ta jamoa, 600 nafarga yaqin xotin-qizlar ishtirokidagi musobaqalarda 14 ta nominatsiya bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.

Shiddatli va bayramona kayfiyatda kechgan bahslar natijasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportsevarlar Sport vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi mas’ullari tomonidan munosib taqdirlandi.

“Gimnastika barcha uchun” musobaqasining alohida yo‘nalishida 45 yoshdan katta ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda Toshkent viloyati, Bekobod tumani “Buvijonlar” jamoasi “Prezident kubogi-2024”ni qo‘lga kiritdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA