Gilosxo‘rlik qilgani Termizga kelavering
Termiz tumanidagi Qoraxon mahallasida yashovchi Allanazar Turdiyevning tomorqasida parvarishlanayotgan gilos mevasi pishdi.
Mamlakatimiz janubidagi vohada shu paytgacha bahorning ilk oylarida tut, keyinroq ertagi o‘rik pishib, yetilar edi. Endilikda ishbilarmon odamlarning tomorqadan oqilona foydalanishi va xorij tajribalarini o‘rganishi uchun yaratilgan sharoitlar boshqa erta pishar mevali daraxtlarni ham parvarishlab, yaxshi daromad topishiga qulay imkoniyat bo‘ldi.


Bu sharoitdan oqilona foydalanayotgan Allanazar Turdiyev bir necha yil muqaddam Rossiyada yetishtiriladigan gilos daraxtining qalamchalarini olib kelib, mahalliy navlarga chatishtirdi. Issiq iqlimga moslashtirib, tomorqasini mo‘’jazgina giloszorga aylantirdi.


– O‘tgan yili gilos aprel oyining birinchi o‘n kunligida pishib, yetilgan edi – deydi mohir bog‘bon. – Mevaning kilosini 200 ming so‘mdan ko‘tarasiga xarid qilishdi. Bu yil ham xaridor kelib turibdi. To‘liq pishib, uzishga tayyor bo‘lgach, savdosini kelishmoqchimiz.
Ayni paytda bog‘bonning tomorqasida o‘n olti turdagi erta pishar gilos daraxti parvarishlanmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri