G‘ijduvonda “Ombudsman maktabi” loyihasi
Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda hamkor tashkilotlar tomonidan G‘ijduvon tumanida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida “Guliston” va “Pomuza” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi vakillari ishtirokida navbatdagi tadbir o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2023 yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda sohaga taalluqli qarorning mazmun- mohiyati, uning ahamiyati, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida gapirildi.

Shuningdek, aholiga kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini joriy qilish maqsadida tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligining vazifalari, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, ularning tadbirkorligini rivojlantirish, huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Ombudsmanga davlat organlari va idoralari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlardan aholining xabardorligini oshirish, barcha sohalar, jumladan, inson huquqi va erkinliklari sohasida olib borilayotgan tub o‘zgarishlar to‘g‘risida axborot berish, shuningdek, mahallalarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish vazifasi yuklatilgan, – deydi Oliy Majlis Senati a’zosi, mintaqaviy vakil Abira Huseynova. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 sentyabrdagi farmoniga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyatini yanada oshirish, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash borasidagi vakolatlarini va hududlardagi ishtirokini kengaytirish, Ombudsman faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, keyingi yillarda qabul qilingan qonunlar va boshqa qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish institutning asosiy vazifalaridan biridir.

Aholini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashda davlat siyosatini keng jamoatchilikka yetkazish orqali ularning xabardorligini oshirish maqsadida bunday tadbirlar mahallalarda o‘tkazib kelinmoqda.
Tadbirdan so‘ng mintaqaviy vakilning sayyor qabuli bo‘ldi. Qabulda 13 ta fuqaroning murojaati tinglandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri