Germaniyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Termizda
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Germaniya Federativ Respublikasining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Yasper Vik boshchiligidagi Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Alis Volken va uning iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mixal Vimmer hamda Germaniya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi departament direktori Gelmut Fisher, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi departament direktori o‘rinbosari Katerina Mexdan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda viloyat hokimi mehmonlarga vohaning iqtisodiy, ijtimoiy, geografik imkoniyatlari hamda o‘ziga xos investitsiyaviy xususiyatlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.
O‘zaro muloqot chog‘ida ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ta’lim, tibbiyot va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Surxondaryo viloyati bilan germaniyalik ishbilarmonlar doirasining o‘zaro hamkorlik aloqalari so‘nggi yillarda tobora mustahkamlanib bormoqda. Jumladan, o‘tgan yili Surxondaryo viloyatida Germaniya bilan hamkorlikda tashkil etilgan 4 ta xorijiy va qo‘shma korxonaga 4 million 500 ming dollar qiymatidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etildi. Viloyatning Germaniya bilan tashqi savdo aylanmasi 6 million dollarni tashkil etdi. Yil davomida Germaniyaga qariyb 285 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, janubdagi vohaga 5 million 646 ming dollarlik mahsulot import qilingan.

Germaniyaga asosan meva-sabzavot, kalava ip, xizmatlar, asbob-uskuna va ularning ehtiyot qismlari yetkazib berilgan. Janubdagi viloyatga sanoatning turli yo‘nalishlari uchun zamonaviy texnologik jihozlar, qora mol va urug‘lik olib kelingan.
Samimiy o‘tgan muloqotda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarorlarini o‘qitish ta’lim markazida qo‘shni mamlakat fuqarolarining ta’lim olishi va kasb-hunar o‘rganishi yuzasidan fikr almashilib, tegishli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama etildi.

Mehmonlar O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punkti, “Do‘stlik” ko‘prigi, “Barqaror xayot” nodavlat notijorat tashkiloti, Afg‘oniston fuqarorlarini o‘qitish ta’lim markazi va Termiz arxeologiya muzeyi bilan ham yaqindan tanishdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev ishtirok etdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri