Germaniyada ilmiy stajirovka: o‘simliklar biologiyasi bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganilmoqda
Ayni paytda Germaniyaning Gatersleben shahrida joylashgan Leibniz Institute of Plant Genetics and Crop Plant Research (IPK) institutining Structural Cell Biology (SZB) - Hujayra strukturasi biologiyasi laboratoriyasida Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari ilmiy stajirovka o‘tamoqda.
Jumladan, professor A.G. Sherimbetov, katta ilmiy xodim D.R. Ruzmetov va kichik ilmiy xodim J. Boyqabilov o‘simlik hujayralari va to‘qimalarining tuzilishini zamonaviy mikroskopik usullar asosida o‘rganish, hujayralarning ultrastrukturaviy xususiyatlarini tahlil qilish hamda o‘simliklarning rivojlanish jarayonlarini chuqur tadqiq etish bo‘yicha amaliy tajriba orttirmoqda.


Ilmiy stajirovka doirasida o‘simlik hujayralari va to‘qimalarining anatomik hamda ultrastrukturaviy tuzilishini o‘rganish, yorug‘lik va elektron mikroskopiya usullaridan foydalanish, boshoq rivojlanishining turli bosqichlarini tadqiq etish, o‘simliklarning tomirlar tizimi va uning struktur xususiyatlarini o‘rganish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, C3 va C4 fotosintez jarayonlari, o‘simliklarning qurg‘oqchilik kabi abiotik stress omillariga javob reaksiyalari ham o‘rganilmoqda. Patogenlar ta’sirida o‘simliklarda yuzaga keladigan biotik stress reaksiyalarini tadqiq qilish, gistologik va mikroskopik tahlil hamda zamonaviy 3D-modellashtirish usullarini o‘zlashtirish ham stajirovkaning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.


Stajirovka davomida o‘zbekistonlik olimlar zamonaviy laboratoriya tadqiqotlarida bevosita ishtirok etib, xalqaro ilmiy tajriba bilan yaqindan tanishmoqda. Shu bilan birga, o‘z tadqiqotlari uchun yangi bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallamoqda.
Stajirovka jarayonida o‘zlashtirilayotgan zamonaviy tadqiqot usullari va amaliy ko‘nikmalar kelgusida o‘simliklarning hujayraviy va to‘qima darajasidagi xususiyatlarini yanada chuqur o‘rganish, ilmiy tadqiqotlarni yangi metodlar asosida rivojlantirish va olingan natijalarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.


Xalqaro ilmiy markazlarda tashkil etilayotgan bunday stajirovkalar mahalliy olimlarning ilmiy va kasbiy salohiyatini oshirish, ilg‘or tadqiqot usullarini milliy ilmiy-tadqiqot amaliyotiga joriy etish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


O‘zA