Germaniya tajribasi asosida kasb-hunar o‘rgatilmoqda
Qarshi tuman yengil sanoat kollejida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati – GIZ tashkiloti vakillari ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati Boysun tumani 1-son kasb-hunar maktabi hamda Qarshi tuman yengil sanoat kolleji o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.
Qarshi tuman yengil sanoat kollejida ayni paytda 550 nafar o‘quvchi kasb-hunar o‘rganmoqda. Ushbu ta’lim muassasasi 2022 yilda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati – GIZning “O‘zbekiston kasb-hunar ta’lim tizimida islohot va modernizatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlash” loyihasiga kiritilgan.
Loyihaning maqsadi tekstil sohasida DUAL ta’lim tizimini joriy qilishda ta’lim muassasalariga ko‘mak berish va ularning moddiy texnik bazasini mustahkamlash, dasturlar ishlab chiqishga ko‘maklashish, o‘quvchi hamda o‘qituvchilarning malakasini oshirishdan iborat. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu loyihaga respublika bo‘yicha 15 ta kasb-hunar maktabi va kollej kiritilgan. Mazkur kasb-hunar maktablarida GIZ tashkiloti vakillari tomonidan loyiha doirasida bir qancha amaliy seminarlar tashkil etib borilmoqda.
– Bugungi amaliy seminarimiz ham shu loyiha doirasida bo‘lib o‘tmoqda, – deydi Qarshi tuman yengil sanoat kolleji direktori Yulduz Adilova. – Seminarimiz “Yashil iqtisodiyot” mavzusida bo‘lib o‘tmoqda. Uning dolzarbligi shundan iboratki, sanoat korxonalarining ko‘payishi tabiatga zarar keltirmaslik hamda yashil iqtisodiyotni joriy etishni taqozo etadi. Shu maqsadda tadbir orqali yashil iqtisodiyotni joriy etish, o‘quvchilarga tabiatni asrash va yashillik bo‘yicha ko‘proq ma’lumotlar berishga harakat qilyapmiz.
[gallery-14421]
Mazkur kollejda loyiha doirasida 2023-2024 o‘quv yilida 4 ta yangi kasb yo‘nalishini joriy etish belgilab qo‘yilgan: yigiruv ishlab chiqarish, tikuvchilik, tikuv konstruksiya buyumlarini konstruksiyalash, tikuvchilik buyumlari montajchisi.
Loyiha bo‘yicha kollejda ishlab chiqarish tashkilotlari bilan hamkorlikda 4 ta yo‘nalish bo‘yicha DUAL ta’limi tashkil etilgan. Xususan, Qarshi tumanida “LT tekstil” korxonasi bilan hamkorlik shartnomasi imzolangan. Bu shartnoma bo‘yicha korxona bilan birgalikda DUAL ta’lim tizimini joriy etishda bitta guruh tashkil etganmiz. Loyiha doirasida ikkita tikuvchilik xonasiga yangi jihozlar qo‘yilib, bitta kompyuter sinfxonasi to‘liq jihozlab berildi. Ushbu yo‘nalishda o‘quvchilar ikki yil davomida ta’lim oladi. DUAL ta’lim shaklining afzallik tomonlari shundan iboratki, o‘quvchilarga ham o‘qib, ham bilim olishga imkoniyat yaratiladi. Shu bilan birgalikda, korxonada ishlagan davrida qo‘shimcha mablag‘ topib, bandligi ta’minlanadi. Kollejni bitirib korxonada ishlaydi.
Kollejda jami 550 nafar o‘quvchi o‘qiydi. DUAL ta’lim shaklida 78 nafar talaba ta’lim olib kelmoqda. Bu bo‘yicha 3 ta ishlab chiqarish korxonasi bilan shartnomalar mavjud. Bundan tashqari, o‘quvchilar o‘zlarining yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisosliklaridan kelib chiqib, ishlab chiqarish korxonalariga biriktirilgan va amaliyotlar davomida o‘zining amaliy bilimlarini korxonaga borib mustahkamlashga imkoniyat yaratib berilgan. Mazkur loyiha doirasida kollejga GIZ tomonidan 400 million so‘mga yaqin tekstil yo‘nalishi bo‘yicha jihozlar olib kelingan. Yil oxirigacha qolgan yo‘nalishlar bo‘yicha ham jihozlar bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.
– Biz kasbiy ta’lim yo‘nalishida loyihani amalga oshiryapmiz, – deydi GIZning maslahatchisi Kornilia Shtaynigen (Germaniya). - Loyihamiz ofisi Toshkentda joylashgan. Biz kasb ta’lim maktablariga va boshqa hamkorlarimizga, masalan, tekstil korxonalaridan vakillarga, savdo-sanoat palatasidan bo‘lgan xodimlarga hamda oliy ta’lim vazirligidan bo‘lgan hamkorlarimizga treninglarni taklif qilib, ularning malakasini oshirishda yordam beryapmiz. Bugungi seminarimizga biz kasb-hunar maktabi direktorlari va o‘quvchilarini taklif qilganmiz. Germaniyadan kelgan ekspertimiz Yoxim Lens bilan barqarorlik mavzularida birgalikda loyihada ishlashni boshlayapmiz. Tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Keyinchalik bu guruhlar barqarorlik mavzusidagi tanlovda qatnashadi. Loyihamiz 2025 yilning sentyabr oyigacha davom etadi. Asosiy maqsadimiz shu loyihamiz doirasida qatnashayotgan, hamkorlik qilayotgan kasb-ta’lim maktablari bilan birgalikda tadbirlar o‘tkazish. Bugungi kunda Qarshida kollejdamiz. Aytib o‘tganimizdek, maqsadimiz o‘qituvchi va o‘quvchilarga treninglarni taklif qilish. Ularni seminar davomida o‘qitish.
Seminar davomida ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda mashg‘ulotlar olib bordi. Bir so‘z bilan aytganda, bu kabi tadbirlar yoshlarni amaliy-kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish va pedagogik amaliyotga tayyorlashga, ularning qobiliyatni rivojlantirishga ham o‘zining munosib hissasini qo‘shishi bilan ahamiyatlidir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari