Germaniya delegatsiyasi Qashqadaryoda
Kuni kecha Germaniya Federativ Respublikasining bir guruh hukumat va biznes vakillaridan iborat delegatsiyasi Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Mehmonlar dastlab Qarshi shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan tanishdi.
Shundan so‘ng, viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi mas’ullar degegatsiya vakillarini qabul qilib, “Fit for Climate” – nemis biznes iqlimi uchun xalqaro iqtidorlarni jalb qilish pilot loyihasi yuzasidan fikr almashdi.

Loyihani amalga oshirish uchun viloyat hokimligi tomonidan loyihada ishtirok etish istagidagi kontingentni saralab olish, nemis tili kurslarini tashkil etish uchun o‘quv xonalar ajratish va ishtirokchilarning malakasini aniqlash uchun o‘quv amaliy ustaxona ajratilishiga kelishib olishdi.
Ta’kidlash lozimki, “Fit for Climate” – nemis biznes iqlimi uchun kelajak xalqaro iqtidorlarni jalb qilish pilot loyihasi Germaniya parlamentining maxsus qaroriga asosan ishlab chiqilgan bo‘lib, ijrosi Iqtisod va iqlim himoyasi Federal vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu loyihani amaliyotga tadbiq etish uchun Germaniya Bandlik agentligi, Markaziy hunarmandchilik palatasi va “Sequa” GmbH kompaniyasi jalb etilgan.
Loyihani amalga oshirish muddati 2024-2027 yillar. Loyihadan ko‘zlangan maqsad Germaniya davlati uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislarni O‘zbekistondan saralab olish va kafolatlangan ish bilan ta’minlash. Mazkur loyihani moliyalashtirish to‘liq nemis hukumati tomonidan amalga oshiriladi va u quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

Loyihada ishtirok etish istagidagi o‘zbek fuqarolarini ochiq va shaffof shaklda tanlab olish; ishtirokchilarni nemis tili kurslariga B1 darajasigacha bepul o‘qitish; loyiha ishtirokchilariga qaytarib bermaslik sharti bilan stipendiya to‘lash; o‘zbek diplomlarini Germaniyada bepul nostrifikatsiya qilib berish; nemis kompaniyasiga ishga joylashish uchun ko‘maklashish; viza olishga ko‘maklashish; Germaniyaga borish xarajatlarini qoplab berish; Germaniyada yashash uchun uzoq muddatli viza olishga ko‘maklashish; Germaniyada qo‘shimcha malaka olish xarajatlarini qoplab berish; integratsiya jarayonlariga ko‘maklashish.
Ushbu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun nemis tomoni O‘zbekistonning professional ta’lim tizimining quyidagi yo‘nalishlarini tamomlagan 20-40 yosh oralig‘idagi fuqarolarni jalb qilish taklifini bermoqda. Bular qurilish ishlarida pardozchi, tom yopuvchi, elektrik, ko‘p qavatli binolar qurish bo‘yicha malakali ishchi, metall bo‘yicha ishchi, santexnika, isitish va konditsioner bo‘yicha mexanik va duradgor.

Delegatsiya tashrif yakunida Qarshi kommunal xo‘jaligi kollejida bo‘lib, u yerdagi ustaxona faoliyati bilan tanishdi.
Ma’lumot o‘rnida: joriy yilning 9 iyul kuni Qashqadaryo viloyati hokimligi mas’ullari Germaniya Federativ Respublikasining “Nemis hunarmandlari markaziy uyushmasi” vakillari bilan viloyatdagi malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarni Germaniyaning nufuzli kompaniyalariga ishga yuborish bo‘yicha muloqotlar o‘tkazgan edi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri