Geografik ob’ektlar nomlari davlat tili me’yorlariga moslashtirilmoqda
Mamlakatimizda geografik ob’ektlar nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon toponimlarni yagona tartib asosida rasmiylashtirish, xarita va axborot ko‘rsatkichlarida nomlarning to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash hamda davlat tili talablariga rioya etishga xizmat qiladi.
Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi “Mamlakatimizdagi ayrim daryolar, soylar, ko‘llar, buloqlar, sharsharalarning nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish hamda ularga yangi nom berish to‘g‘risida ”gi qarori doirasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyati Ishtixon tumanining “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tasarrufidagi soylarga davlat tili talablariga muvofiq tayyorlangan lotin yozuvidagi axborot ko‘rsatkichlari o‘rnatilmoqda.
Ayni paytda Alidarazsoy, Kattasoy, To‘sinsoy va Oqtepasoy soylarida yangi axborot ko‘rsatkichlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Suv xo‘jaligi axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur tadbirlar geografik ob’ektlar nomlarini yagona tartibga keltirish, davlat tili talablariga to‘liq amal qilish va aholi uchun tushunarli hamda ishonchli axborot muhitini shakllantirishda muhim hisoblanadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA