“General bo‘lishni orzu qilmagan askar – askar emas...”
Qashqadaryoda prokuratura tizimi faxriylari bilan o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvlari”da bu ibora ko‘p bora takrorlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining tashabbusi bilan tizimda uzoq yillar xizmat qilgan faxriy xodimlar bilan “Uch avlod uchrashuvi”ni o‘tkazish an’anaga aylangan.
Qashqadaryoda “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Viloyatga tashrif buyurgan uchinchi darajali davlat adliya maslahatchisi, O‘zbekiston prokuratura organlari faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik markazi raisi Botir Kalonov, generallar E. Abzalov, B. Tayjanov, U. Shamsiyev, A Saidov, U. Inomjonov, A. Xolmahmatov va Bosh prokuratura jamoatchilik kengashi raisi A. Qahhorov ishni viloyat prokuraturasi xodimlariga ishlash va ishdan bo‘sh paylarini mazmunli o‘tkazishlari uchun yaratilgan sharoit bilan tanishish va yosh xodimlar bilan suhbat qurishdan boshlashdi. Faxriy mehmonlarga viloyat prokuraturasi tarixiga bag‘ishlab chop etilgan kitoblar tuhfa qilindi.
Mehmonlar Qarshi tumanidagi Qovchin qishlog‘iga borib, kalom ilmining darg‘alaridan biri, imom Mansur Moturidiy ta’limotini yanada rivojlantirib, uning butun Sharq mamlakatlariga tarqalishida beqiyos xizmat ko‘rsatgan ulug‘ alloma Abul Muin Nasafiy qabrini ziyorat qilishdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan allomaning ruhi mangu qo‘nim topgan manzil obod go‘shaga aylantirildi. “Abu Muin Nasafiy” tarixiy majmuasi joylashgan hududda 500 o‘rinli masjid, kutubxona, muzey, ma’muriy bino, tahoratxona va choyxona bunyod etildi. Qadamjoning eski imoratlari kapital ta’mirlanib, hududi obodonlashtirildi, gul hamda turli xil mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Navbatdagi manzil Qarshi shahridagi xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi bo‘ldi. Estrada orkestri sadolari ostida tantanali ravishda kutib olingan mehmonlar Abdulla Oripov haykali poyiga gulchambar qo‘ydilar. Shundan so‘ng o‘quv yurtining faollar zalida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Fayzli davraga mehmonlar, faxriylar, viloyat faollari, viloyat prokuraturasi organlari va boshqa huquq-tartibot idoralari vakillari, Qarshi davlat universiteti, Toshkent Davlat axborot-texnologiyalari universiteti Qarshi filiali, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti talabalari, Qarshi yuridik texnikumi va A. Oripov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari jamlandi. Sobiq ittifoq davridagi va mamlakatimiz mustaqilligi e’lon qilingach, prokuratura xodimlari ishlashi uchun yaratilgan sharoit haqidagi videorolik namoyish etildi.

Viloyat prokurori, uchinchi darajali Davlat adliya maslahatchisi Salom Samadov mamlakatimiz istiqlolga erishganining dastlabki yillaridagi og‘ir sharoit, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda viloyat prokuraturasi xodimlarining jonbozligi to‘g‘risida yig‘ilganlarga qisqacha axborot berdi.
Ko‘ksini davlatimizning orden va medallari bezab turgan generallar davraning to‘ridan joy olishdi. Markaz raisi Botir Kalonov tadbir ishtirokchilariga sho‘ro hukumati davrida, ayniqsa, “o‘zbeklar ishi”, “paxta ishi” kompaniyalari boshlangan davrlarda prokuratura tizimida ishlash naqadar qiyin bo‘lgani, Gdlyan va Ivanovning xalqimizga nisbatan qilgan nohaqliklari, ayniqsa, huquqshunoslar qalbini qattiq jarohatlagani, u paytlarda hozirgiday sharoit yo‘qligi, biror tuman markazi bilan bog‘lanish ham o‘ta mashaqqat bo‘lganligi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Talabalar va tadbirning boshqa ishtirokchilarining barcha savollariga mehmonlar atroflicha javob qaytarishdi. Ular kam ta’minlangan oila farzandlariga, uchrashuvda faol qatnashgan talabalarga va Chiroqchi tumanida quduqqa tushib ketgan olti yoshli Doniyorni qutqarib, katta jasorat namunasini ko‘rsatgan xaloskorlarga sovg‘alar ulashishdi.
Ertasi kuni mehmonlar Qarshi shahrining diqqatga sazovor joylarida, shu jumladan, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning avlodlaridan bo‘lmish Xojai Jarroh ziyoratgohida bo‘lib, Qur’on tilovat qilishdi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng Xojai Jarrohning qarovsiz yotgan maqbarasi kapital ta’mirlanib, atrofiga yashil o‘tloqlar, gulzorlar va bog‘lar barpo etildi.
Faxriylar “Nasaf” futbol klubi jamoasi bilan uchrashib, kelgusi musobaqalarda ularga muvaffaqiyatlar tilashdi.
Mehmonlar Qarshi shahridagi 17-imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasiga tashrif buyurishib, u yerda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoit, ular darsdan so‘ng qanday yumushlar bilan mashg‘ul bo‘lishlari bilan qiziqishdi, muassasa kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilishdi. Oqshomda “Uch avlod uchrashuvi” viloyat hokimligining bog‘ida davom ettirildi. Faxriylarni viloyat hokimligi va sektor rahbarlari hamda yoshlar gullar bilan qarshi olishdi. Fayzli davraga mehmonlar, viloyat faollari, nuroniylar, sektor rahbarlari, huquq-tartibot idoralari vakillari, yoshlar va shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmatni o‘tash davrida vafot etgan xodimlarning oila a’zolari jamlandi.
Dastlab viloyat prokuraturasi organlarida ishlab nafaqaga chiqqanidan keyin va xizmat burchini bajarayotgan davrida vafot etgan xodimlarning hayotiy faoliyatini aks ettiruvchi videorolik namoyish etildi.
Davrani viloyat prokurori, uchinchi darajali Davlat adliya maslahatchisi Salom Samadov kirish so‘zi bilan ochib, Bosh prokuratura prokuratura organlari Faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik markazining raisi, uchinchi darajali davlat adliya maslahatchisi Botir Kalonovga so‘z berdi. B.Kalonov o‘z so‘zida yoshlik davri, sho‘rolar tuzumi paytida ish jarayonidagi qiyinchiliklar, xizmatdagi mashaqqatlar va nihoyat nuroniylik paytida davlatimiz rahbari va Bosh prokuratura tomonida ko‘rsatilayotgan ehtirom xususida to‘xtalib, o‘zining samimiy fikrlarini bildirdi. El-yurt ravnaqi yo‘lida Prezidentimizga kamarbasta bo‘lish suhbatlarning bosh mavzusiga aylandi. U Bosh prokurorning Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimovni “O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi Faxriy xodimi” ko‘krak nishoni bilan, G‘uzor tumani hokimi Bekzod Suyunov, Mirishkor tumani hokimi Sherali Sanayev va Shahrisabz tumani hokimi Abdusamad Hasanovni “Faxriy yorliq” bilan taqdirlash haqidagi buyrug‘ini o‘qib eshittirdi va ularni egalariga topshirdi.

Viloyat hokimi, uchinchi darajali Davlat adliya maslahatchisi Murotjon Azimov mehmonlarga tashrifi uchun minnatdorchilik bildirdi, prokuratura tizimida ishlaganida ulardan ko‘p narsa o‘rgangani, hayotiy saboq olgani, shu bois mehmonlarning har birini o‘ziga ustoz deb bilishini aytdi. Shuningdek, u viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar, qurilish va obodonchilik ishlarining borishi, aholini rozi qilish uchun amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng viloyat prokuraturasi organlarida samarali xizmat qilgan, ayni paytda marhum xodimlarning oila a’zolariga Botir Kalonov. viloyat hokimi hamda viloyat prokurori tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
–“Uch avlod uchrashuvi” biz yig‘ilganlarda katta taassurot uyg‘otdi, -deydi tadbir ishtirokchisi, viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Obidjon Qo‘ldoshev. –Ustozlar sho‘rolar hukmronligi davrida ish jarayonida ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelishgan. Og‘ir, mashaqqatli mehnat qilishgan. Hozir bizlarning ishlashimiz, kasb mahoratini oshirishimiz, o‘qib-o‘rganishimiz uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Shunday ekan, hozirgi hayotimizning har bir kuni, har bir daqiqasining qadriga yetishimiz, vaqtdan unumli foydalanishimiz kerak. Xalqimiz yoshi ulug‘ kishilarni nuroniy deb bejizga aytmaydi. Ya’ni, ulardan nur, yaxshilik taralgani uchun ham shunday deyishadi.
Tashrifning uchinchi kuni mehmonlar viloyat markazini qadim Shahrisabz bilan bog‘lovchi 110 kilometrlik avtomobil yo‘li atrofidagi yangi go‘zalliklarni tomosha qilib, “Ilmu adab qubbasi” deya jahoniy e’tirof topgan boqiy shaharga kirib borganliklarini ham sezmay qolishdi. Jahon sivilizatsiyasining qadimiy shaharlaridan biri sifatida YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Shahrisabzda o‘zining aql-zakovati, beqiyos salohiyati bilan dunyoni hayratga solgan Amir Temur bobomizning o‘lmas siymosi jonlanadi. Shahrisabz u ulug‘ zotning beshigini tebratgan, uni kamolga yetkazgan mo‘’tabar maskandir.
Ma’lumki, hazrat Sohibqiron qurdirgan Oqsaroy, Dorus-saodat, Dorut-tilovat va uning nabirasi Ulug‘bek Mirzo bunyod ettirgan Ko‘kgumbaz jome’ masjidi, shuningdek, “Koba” obidasi, Molik Ashtar masjidiga yangidan hayot bag‘ishlangani bois ular shaharning ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Shahrisabzdagi barcha bunyodkorliklar mohiyatini qisqacha qilib, “O‘tmish. Bugun. Kelajak” deya ta’riflash mumkin. Shaharning yangi qiyofasida shonli tariximiz, fayzli bugunimiz va yorug‘ kelajak yaqqol aks etgan.
Mehmonlar Shahrisabz ziyoratini Oqsaroy xiyoboni oldidagi sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gulchambar qo‘yishdan boshlashdi. Bu yerga Shahrisabz tumani va shahri prokuraturasi hamda boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari to‘planishdi. So‘ngra Ko‘kgumbaz jom’e masjidiga borishdi. U yerda mehmonlarning oyog‘i tagiga jonliq so‘yilib, Qur’on tilovat qilindi. Shundan so‘ng ular “Maqom tarixi” muzeyini tomosha qilishdi, Temuriylar maktabi tarbiyalanuvchilari bilan bo‘lgan uchrashuv g‘oyat qiziqarli va taassurotlarga boy bo‘ldi. Maktab o‘quvchilarining yuzlaridagi qat’iyat, ilmga, dunyoni bilishga ishtiyoq, yetti o‘ylab bir kesib, mehmonlarga bergan savollari haqida mushohada yuritib, mamlakatimiz ertasi ishonchli qo‘llarda ekanligini qalbdan his qilasan kishi.
–“Uch avlod uchrashuvi”dan olgan xulosamiz shu bo‘ldiki, – deydi Qarshi davlat universiteti talabasi Qutlug‘nigor Toshturdiyeva. – Mamlakatimiz erishgan yutuqlarning tub mohiyatiga yetib borish uchun bugungi hayotni kechagisi bilan solishtirib ko‘rish kerak ekan. Shundagina odam bugungi hayotning qadriga yetar ekan. Muhtaram mehmonlarning hayot yo‘llaridagi mashaqqatlar xususida eshitib, shunday xulosaga keldim. Yurtimizdagi mislsiz o‘zgarishlarni o‘z hayoti, oilasi, qishlog‘i, maktabi, ishxonasi misolida ko‘rgan kishiga o‘tgan kunlar bilan bugungi kunning farqi hamda afzalliklari haqida tashviqot yuritishga hojat qolmas ekan.
Norbo‘ta G‘oziyev,
faxriy jurnalist.