Gender tenglik: Sirdaryoda trening o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatida «Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va kamsitishga qarshi kurashish sohasida O‘zbekiston qonunchiligini amalga oshirish» mavzusida trening-mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash viloyat boshqarmasi, AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda Guliston shahrida tashkil etilgan trening-mashg‘ulotlarida viloyat prokuraturasi, adliya, ichki ishlar, xalq ta’limi boshqarmalari mutaxassis va xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda gender tenglik nazariyasi, O‘zbekistonda ayollar huquqlarini amalga oshirishda huquqiy islohotlarning dastlabki shartlari, sohani tartibga soluvchi qonunchilik bazasi, «O‘zbekiston Respublikasi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning mazmun-mohiyati mavzularida ma’ruzalar qilindi.
Bundan tashqari, gender stereotiplari, kamsitish va ayollar huquqlarining buzilishi, uning sabab va oqibatlari yuzasidan, zo‘ravonlik turlari va uning oldini olish bo‘yicha milliy qonunchilik, kamsitish va zo‘ravonlikning oldini olish borasidagi tavsiyalar berilib, «Himoya orderi»ning mohiyati mavzusida xalqaro fond trenerlari, mutaxassislar va ishtirokchilar o‘rtasida qizg‘in bahs-munozara va muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
«Ayol va erkaklar o‘rtasida gender tenglikka Sirdaryo viloyatida qanchalik rioya etilmoqda?» degan savol tanqidiy muhokama qilinib, ishtirokchilar bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, trening davomida ishtirokchilarga nazariy bilimlardan saboq berilib, amaliy mashg‘ulotlar va taqdimotlar tayyorlash orqali ularning bilimlari yanada mustahkamlandi.
A.Qayumov, F.Toshmatov,
O‘zA