Gender tenglik masalasida matbuot anjumani
Namangan shahrida gender tenglikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlab matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat bandlik va mehnat munosabatlari, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, ichki ishlar boshqarmalari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Musaxon Oppoqov mamlakatimizda, xususan, viloyatda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlarni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi.
– So‘nggi yillarda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali ularning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi M. Oppoqov.
– Namanganda keyingi ikki-uch yilning o‘zida xotin-qizlarning 1583 nafari boshqaruv ishlariga jalb etildi. Bunga ichki ishlar sohasini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Yaqin vaqtgacha faqatgina erkaklarning o‘rni deb hisoblagan mazkur idorada bugunda 4 nafar rahbar, xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha 16 nafar inspektor xotin-qiz faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, keyingi uch yil davomida uy-joyga muhtoj ayollarning 255 tasiga ajratilgan zamonaviy xonadonlarning boshlang‘ich to‘lovi davlat tomonidan qoplab berildi. Tadbirkorlikning oilaviy va boshqa turlarini yo‘lga qo‘yish istagidagi xotin-qizlarning biznes loyihalari ijrosi uchun esa o‘tgan o‘n oy ichida 62,2 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.
Viloyat hokimining anjumanda ishtirok etgan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Iroda Qo‘chqorova gender tenglikni ta’minlash borasida yaqin kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan rejalar bilan tadbir ishtirokchilarini tanishtirdi hamda va ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarning savollariga javob qaytardi.




Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA