Gender tengligi bo‘yicha yangi taklif va tashabbuslar bildirildi
Suv xo‘jaligi vazirligida suv xo‘jaligi tizimida gender yondashuvlarni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan Taraqqiyot hamkorlari Texnik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda vazirlik rahbariyati, tizim tashkilotlari, tegishli davlat idoralari, oliy ta’lim muassasalari hamda xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpo‘latov, “ACTED” tashkiloti vakili Farzona Hoshimova so‘zga chiqib, 2027-yilgacha mo‘ljallangan harakatlar rejasining ijrosi va uning amalga oshirilishi bo‘yicha monitoring natijalari yuzasidan to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, 2030-yilgacha mo‘ljallangan suv xo‘jaligi sohasining gender konsepsiyasi doirasida erkak va ayollar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash, qaror qabul qilish jarayonlarida ayollar ishtirokini kengaytirish, ularning kasbiy salohiyatini oshirish hamda munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Muhokamalar davomida ishtirokchilar gender siyosatini yanada takomillashtirish, mavjud loyihalar samaradorligini oshirish hamda sohada uchrayotgan ayrim muammolarni bartaraf etish yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
Shuningdek, suv xo‘jaligi tizimida gender yondashuvlarni yanada chuqur joriy etish, hududiy darajadagi ishlar muvofiqlashuvini kuchaytirish hamda resurslardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Markaziy Osiyo mintaqasida suv va gender masalalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, mavjud tarmoqlar faoliyatini kuchaytirish va yangi hamkorlik mexanizmlarini joriy etish masalalari ham muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar sohada gender tengligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, tajriba almashinuvini kengaytirish va tasdiqlangan harakatlar rejasini samarali amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA