Gazlilik tadbirkor ayollar faoliyati o‘rganildi
“Tadbirkor ayol” ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi viloyat bo‘linmasi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Dilbar Ahmedova tomonidan ishchi guruhi a’zolari bilan birga “Gazli” mahalla fuqarolar yig‘inida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Jumladan, mahalladagi tadbirkor Hakima Asadova tikuvchilik sexi tashkil etib, hududdagi uch nafar ayolni doimiy ish bilan ta’minlagan. Tadbirkor kelgusida o‘z ish faoliyatini kengaytirib, yangi ish o‘rinlari yaratish niyatida ekanligini bildirdi. O‘rganishlar natijasida tadbirkorga amaliy yordam berish maqsadida mahalladagi ayollardan 15 nafarini tikuvchilik kasbiga o‘rgatishga qaratilgan o‘quv-kurslarga jalb etishga kelishib olindi.

Ishchi guruh a’zolari Dilfuza Hakimova tomonidan tashkil etilgan “Ayollar go‘zallik saloni” faoliyati bilan ham qiziqdi. Salon faoliyatini kengaytirish maqsadida 15 nafar xotin-qizlar uchun tegishli o‘quv-qurslarni tashkil etishga kelishib olindi.

Ushbu mahallada yashovchi Gulnora Amonova faoliyati ham kuzatuvlardan chetda qolmadi. Tadbirkorning non va non mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan sex faoliyati hozirgi kunda to‘xtab qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi. Bunga kommunal to‘lov xarajatlarining balandligi mahsulot tan narxiga ta’sir qilganligi sababli sex faoliyati to‘xtab qolgani aytildi. Bugungi kunda tadbirkor faoliyatini o‘z xonadonida davom ettirmoqda. G.Amonovaga qo‘shimcha joy ajratish masalasida tegishli tashkilotlarga murojaat qilinadigan bo‘ldi.

O‘rganishlar davomida hududda tadbirkor ayollar faoliyatini kengaytirish, ularning ish tajribasini ommalashtirish, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning realizatsiyasini yo‘lga qo‘yish borasida maslahatlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.