Gazchilar 24 soatlik ish rejimida ishlamoqda
Inson zoti borki, aslida bir-biriga xizmat qilib yashaydi. Jamiyatda shunday kasblar borki, bu sohalar egalari kunu tun aholi xizmatida bo‘ladi. Bunday kasb haqida gap ketsa, gaz ta’minotining ishchi-xodimlari ham hamisha iste’molchilar xizmatiga shay turadiganlar sifatida e’tirof etiladi.
Ayniqsa, qish faslida ularning tunlarni behalovat o‘tkazib, millionlab iste’molchini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlanayotgani, fidoyi gazchilarning tunni kunga ulab mehnat qilayotgani tufayli olis hududlar xonadonlariga ham gaz yetib borayotgani ko‘z oldimizga keladi. Yuzaga kelgan muammolar o‘z vaqtida o‘rganilib, yechimi topiladi.
Surxondaryo taraflarga hali bo‘ktirib qor yog‘magan bo‘lsa-da, qish qishligini qilmoqda. Baland tog‘lar cho‘qqisiga tushgan oppoq qorning izg‘irinli sovug‘i shahar va qishloqlarga allaqachon yetib kelgan. Quruq sovuqdan ertalab va tunda tanangiz junjikadi. Hademay bu taraflarga ham qalin qor yog‘ib, havo harorati keskin tushib ketsa ham ajablanmaymiz. Keksalarning aytishicha, qishdagi bu iliq kunlar ketidan izg‘irinli sovuq kelib qolishi hech gap emas.

Garchand yangi yilning ilk kunlarida harorat mo‘’tadil bo‘lsa-da, viloyat gazchilari o‘z ishiga mas’uliyat hissi bilan yondoshib, 24 soatlik ish rejimida xizmat ko‘rsatmoqda. Hammamiz yaxshi bilamizki, iste’molchilarga tabiiy gaz yuqori va past bosimli quvurlar bilan gaz taqsimlash punktlari orqali yetkaziladi. Behosdan quvurning yorilmasligi yoki gaz taqsimlash punktida nosozlik yuzaga kelmasliga hech kim kafolat bera olmaydi. Ana shunday kutilmagan noxush holatlarning oldini olish, tabiiy gaz uzilishiga qisqa vaqtda chek qo‘yish uchun joylarda 104 avariya dispetcherlik xizmati hamda 1104 Call markazlar faoliyat yuritmoqda. Hali juda sovuq kunlarni boshdan o‘tkazmayotgan bo‘lsak-da, hududlardagi dispetcherlik xizmati va Call markaz operatorlariga tunu kun ish topilib turibdi. Ularga kelib tushayotgan murojaatlar e’tiborsiz qolayotgani yo‘q. Har bir murojaat o‘z vaqtida o‘rganilib, amaliy yechim topilmoqda. Masalan, Termiz shahri Do‘stlik mahallasida yashovchi Hamza Nazarov xonadonidagi “aqlli” hisoblagich qarzdorlik tufayli o‘chib qolgan. Uni qayta yoqishni xonadon egalari tushunmagani uchun ularga qiyinchilik tug‘dirgan. 1104 Call markazga murojaat qilishgach, shahar gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari ko‘magida hisoblagich qayta yoqib berildi.

Boshqa bir holatda Termiz shahridagi Manguzar mahallasining gaz quvurida yuzaga kelgan avariya to‘g‘risida shahar gaz ta’minoti bo‘limining 104 raqamli avariya dispetcherlik xizmatiga murojaat kelib tushdi. Avariya holati zudlik bilan bartaraf etilib, iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish qayta tiklandi.
Mutaxassislardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat markazi iste’molchilarining asosiy qismi Termiz shahri Saxovat mahallasidagi gaz maromlash punkti orqali tabiiy gaz bilan ta’minlanadi. O‘tgan yili yozda bo‘lg‘usi qishning sovuq kunlari tarmoqda muammolar yuzaga kelmasligi uchun gaz maromlash punktida gaz quvuri tartibga keltirilib, kesimi 219 millimetrli yer osti gaz quvuri yer ustiga chiqarildi. Bu ish qishda ham aholi va ulgurji iste’molchilarning tabiiy gaz ta’minotini yanada yaxshilash imkoniyatini yaratdi.
Kuz-qish mavsumida iste’molchilarning tabiiy gaz bosimi pasayishi, suyultirilgan gaz bilan bog‘liq masalalar, maishiy gaz ballon ajratish, hisob-kitob masalalari bo‘yicha 1104 Call markaziga, gaz sizib chiqish holatlari yuzasidan 104 dispetcherlik xizmatiga murojaatlari qabul qilinmoqda. 24 soatlik ish rejimida ishlayotgan xodimlar bu murojaatlarning barchasini o‘rganib, muammoni o‘z vaqtida bartaraf etayotir.

–Kuz-qish mavsumida murojaatlar ko‘payib, ishimiz yanada ortadi, –deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati rahbari Aziz Mashrapov.¬Raqamlarga yondashadigan bo‘lsak, joriy kuz-qish mavsumining o‘tgan davrida 1104 call markaz operatorlari viloyatda o‘n mingdan ortiq murojaatni qabul qilgan. Ular asosan qarzdorlik to‘lovi kech to‘langani uchun avtomatik tarzda o‘chib qolgan hisoblagichni qayta yoqish, aloqaga chiqmay qolgan hisoblagichlarni qayta aloqaga chiqarish kabi masalalarda bo‘lib, barchasi ijobiy hal etilgan. Shuningdek, gaz ta’minoti filialidagi markaziy dispetcherlik xizmati tomonidan barcha jarayonlar onlayn rejimda kuzatib borilmoqda. Qabul qilinayotgan murojaatlar, avariya holatlari gaz ta’minoti bo‘limlariga tezkor yo‘naltirilib, yechimi topilmoqda.
Mavsumning yana bir nozik tomoni shundaki, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlari, nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etish uchun zarur materiallar, ehtiyot qismlar kerak bo‘ladi. O‘tgan yilgi izg‘irinli kunlardan saboq olgan voha gazchilari filialning barcha bo‘limlarida zaxira omborxonalari tashkil etib, zarur material va ehtiyot qismlar bilan ta’minlandi. Yetarli miqdorda 52 turdagi ehtiyot qism omborlarga zaxira qilindi. Shuningdek, viloyat markaziy omborxonasida ham qo‘shimcha zaxira ehtiyot qismlar jamlandi. Turli o‘lchamdagi quvurlar, karbid, payvandlash uchun zarur jihozlar mavsumga taxt qilib qo‘yildi. Qishda avariya holati yuzaga keladigan bo‘lsa, nosozlikni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rildi. Hududlardagi avariya-dispetcherlik qismlarida doimiy navbatchilik guruhlari uchun maxsus avtotransport vositasi, payvandchi, 2 nafar chilangar ajratilgan bo‘lib, ular smena asosida doimiy ish olib boradi. Barcha guruhlar maxsus mobil aloqa vositalari bilan ta’minlangan. Viloyat markaziy dispetcherlik punktiga kelib tushayotgan murojaatlar hududlarga tezkorlik bilan yetkazilmoqda. Qishli-qirovli kunlarni betalofat o‘tkazishga bel bog‘lagan viloyat gazchilari iste’molchilardan foydalanilgan yoqilg‘i uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirish, gazdan to‘g‘ri foydalanish va xavfsizlikni ta’minlashni so‘ramoqda, xolos.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri