G‘azal mulki sultonining 584 yilligi nishonlanmoqda
Buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatidagi oliy o‘quv yurtlari, umumta’lim maktablari, davlat va nodavlat tashkilotlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirlar g‘azal mulkining sultoni –Navoiy bobomizning poyiga gul qo‘yishdan boshlandi. Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyat bo‘limi, Yozuvchilar, Jurnalistlar uyushmalarining Sirdaryo viloyat bo‘limlari a’zolari, yozuvchi va jurnalistlar, Guliston davlat universiteti, Guliston davlat pedagogika instituti professor -o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, haykal poyiga gul qo‘yib, shoir siymosiga ta’zim bajo keltirdi.
–Mana 6 asrdirki, Navoiy bobomizning asarlari o‘z qadr-qimmati, betakrorligini yo‘qotgani yo‘q. Ularni qanchalik ko‘p o‘qiganing, o‘rganganing sari shuncha ko‘p hayratga tushasan, –deydi tadbirda ishtirok etgan Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Munavvar Pardayev. –Shoir she’rlari umrboqiy g‘oyalari, yuksak badiiyati bilan dillarni qayta-qayta hayratga soladi. Kishilarni ezgulikka, go‘zallikka chorlaydi, ruhni, ko‘ngillarni poklaydi, shuurimizni samimiy tuyg‘ular olamiga oshufta etadi.
Navoiy tavalludi munosabati bilan o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbir davomida bu fikrlar professor-o‘qituvchi, shoir va yozuvchilar tomonidan yana bir bor e’tirof etildi.
Ushbu tadbir viloyat musiqali drama teatrida o‘tkazilgan bayram tadbiriga ulanib ketdi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyat bo‘limi rahbari Murod Hayitov so‘zga chiqib, Navoiy asarlari har kun o‘qilishi kerakligini ta’kidladi.
[gallery-21637]
Tadbir so‘nggida viloyat musiqali drama teatrida "Navoiy navolari" deb nomlangan konsert dasturi namoyish qilinib, unda Navoiy g‘azallari bilan aytiladigan mumtoz ashulalar, dilbar raqslar ijro etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri