Gaz ta’minotida uzilish bo‘lmaydi
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida istiqomat qiluvchi 40 mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchilarining mavsumni betalafot o‘tkazishi hamda gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarning oldini olish maqsadida amaliy ishlar natijadorligiga e’tibor qaratilmoqda.
Soha mutaxassislari tomonidan 10 ming donadan ortiq gaz maromlash qurilmalari taftish qilindi. Himoya to‘siqlari bilan o‘raldi. 72 kilometr gaz quvurlari havo bosimi yordamida tozalandi. 61 kilometrdan ortig‘i estetik jihatdan tartibga keltirildi.

– Joriy yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Respublika iste’molchilarining tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti tizimining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori imzolandi, – deydi “G‘ijduvontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi Sunnat Hasanov. – Ushbu qaror ijrosi bugun G‘ijduvonda ham ta’minlanmoqda. Eng ko‘p 11 ta yirik hududga ajratilgan tumanda bugun ta’minot bilan bog‘liq muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda. Ko‘p qavatli va hovli joylarda istiqomat qiluvchi aholini tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlash maqsadida amaliy ishlar namunali tashkil etildi. Gaz hisoblash uskunalari o‘rnatilib, himoya qutilari bilan o‘raldi, ishga tushirildi. Shubhasiz, jarayonlar davomida modem qurilmalari o‘rnatilib, “Askugbalans” dasturi orqali kuzatib borish imkoniyati yaratildi. 838 dan ortiq gaz maromlash qurilmalari dastur asosida online tizimda nazorat qilinmoqda. Aholiga tabiiy gazning aniq hisobini chiqarib, shaffoflikni ta’minlash asosiy maqsad qilib qo‘yilgan bir paytda, olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq hududda bugun istiqomat qiluvchi 40 mingdan ortiq iste’molchilarga bir maromda tabiiy gazning yetkazib berilishiga erishilmoqda.

Bugun inson farovonligini ta’minlash asosiy maqsad ekan, tizimda mavjud muammolarning o‘z vaqtida hal etilishiga ham e’tibor qaratilgan. Zero, mavsumning betalafot o‘tkazilishi uchun qilinayotgan amaliy ishlar tumandagi 18 mingdan ortiq xonadonning tabiiy gaz ta’minotining yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov,
O‘zA