Gaz ballonlari o‘z vaqtida yetkazilmoqda
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, joriy yilda Buxoro viloyati aholisi uchun 26 744,440 tonna suyultirilgan gaz berish rejasi belgilangan. Bugunga qadar ushbu reja 19 443,320 tonnani tashkil etadi.
287 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 170 mingdan ortiq suyultirilgan gaz balloni iste’molchilariga har bir gaz to‘ldirish shoxobchalari orqali gaz ballonlari o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.

“Vobkent” gaz to‘ldirish shoxobchasida faoliyat olib borayotgan 13 nafar xodim xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda gaz ballonlarini belgilangan tartibda to‘ldirib, o‘z vaqtida yetkazilishini ta’minlab kelmoqda. Xizmat sifatini yanada yaxshilash hamda natijadorlikni oshirish maqsadida 12 ta ISUZU avtotransport vositalarida gaz ballonlari Vobkent, Shofirkon hamda Buxoro tuman fuqarolariga belgilangan reja-grafik asosida tarqatilmoqda. Ushbu gaz to‘ldirish shohobchasi orqali jami 51 ming 566 nafar iste’molchi gaz ballonlari bilan ta’minlanadi.

–Bugun oldimizda turgan asosiy maqsad aholini bir maromda gaz bilan ta’minlash hamda o‘z vaqtida gaz ballonlarini yetkazib berish ekan, – deydi gaz ta’minoti filiali xodimi Aziz Rasulov. –Viloyatdagi barcha gaz to‘ldirish shoxobchalarida imkoniyatlar kengaytirildi. Qo‘shimcha 6 dona gaz quyish uskunalari, 3 dona kompressor va 1 dona nasos o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.

Zarif Komilov, O‘zA