Gaz ballonlari og‘ir qoldiqdan tozalanmoqda
Buxoro viloyatida “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan joriy yilda 17 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz yetkazib berish belgilangan.
Sovuq ob-havo vaqtida suyultirilgan uglevodorodli gazning bir qismi og‘ir qoldiqqa aylanadi va yonuvchanligini yo‘qotadi. Shu bois undan foydalanish taqiqlanadi. “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filialining “Romitan”, “Qorako‘l” hamda “Vobkent” gaz to‘ldirish shoxobchalarida gaz ballonida hosil bo‘lgan og‘ir qoldiqlarni to‘kish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Joriy yilning bugungi kuniga qadar jami 94 ming donadan ortiq maishiy gaz ballonlaridan 35 tonnaga yaqin og‘ir qoldiq to‘kib olindi, – deydi gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Aziz Rasulov. – Shundan, “Romitan” gaz to‘ldirish shoxobchasida 31 ming donadan ortiq maishiy gaz ballonlaridan 16 tonna, “Qorako‘l” gaz to‘ldirish shoxobchasida 31 ming dona maishiy gaz ballonlaridan 70 tonna og‘ir qoldiq to‘kib olindi.
“Vobkent” gaz to‘ldirish shoxobchasida esa bugunga qadar 33 ming donaga yaqin maishiy gaz ballonlari 12 tonnadan ortiq og‘ir qoldiqdan tozalandi. Og‘ir qoldiqni to‘kishda har bir maishiy gaz balloni avval tarozida o‘lchanadi. Og‘ir qoldiqdan bo‘shatilgach, yana tortilib, so‘ngra maxsus kitobga qayd etib boriladi. Xodimlar tomonidan gaz ballonlarini yetkazib berish jarayonida hosil bo‘luvchi og‘ir qoldiqni o‘zboshimchalik bilan to‘kish mumkin emasligi, uni to‘kib oluvchi maxsus joylar va uskunalar borligi fuqarolarga tushuntirilmoqda.
Ba’zi iste’molchilar o‘zboshimchalik bilan maishiy gaz ballonidagi og‘ir qoldiqlarni to‘kib olishga urinishadi. Bu esa turli baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har bir iste’molchi gaz ballonidan foydalanganda xavfsizlikka rioya qilishi shart.

Gaz ta’minoti tomonidan aholi uchun yaratiladigan har qanday imkoniyat bugun ularning yashash tarzini ijobiy tomonga o‘zgartirishga hamda farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Shunday ekan, fuqaro qulayliklardan to‘g‘ri va o‘rinli foydalansa bas, xavfsizligi ham ta’minlanadi.
Zarif Komilov,
O‘zA