Gaz ballonidan xavfsiz foydalanish –har bir xonadon mas’uliyati
Yoz faslida havo haroratining keskin ko‘tarilishi nafaqat inson salomatligiga, balki turli texnik vositalardan xavfsiz foydalanish masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratishni talab etadi. Ayniqsa, suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanuvchi xonadonlarda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish ehtimoliy baxtsiz hodisalarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda Buxoro viloyatida 167 mingdan ortiq suyultirilgan gaz iste’molchisi mavjud bo‘lib, ular gaz ta’minoti korxonalari tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida muntazam ravishda gaz ballonlari bilan ta’minlanmoqda. Shu bilan birga, aholi o‘rtasida gazdan xavfsiz foydalanish madaniyatini shakllantirish, favqulodda holatlarning oldini olish hamda fuqarolarning ogohligini oshirish maqsadida keng qamrovli targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yoz oylarida havo harorati yuqori bo‘lishi sababli gaz ballonlarini saqlash va ulardan foydalanishda yanada ehtiyotkorlik talab etiladi. Xususan, bo‘shatilgan yoki to‘ldirilgan maishiy gaz ballonlari quyosh nurlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushmaydigan, soya va salqin joylarda saqlanishi shart.
“G‘ijduvontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimi Komil Ostonovning ta’kidlashicha, gaz ballonli moslamalardan foydalanishda yosh bolalarga, shuningdek, xavfsizlik qoidalarini yaxshi bilmaydigan yoki o‘z harakatlarini to‘liq boshqara olmaydigan shaxslarga ruxsat berilmasligi lozim. Bu esa ehtimoliy noxush holatlarning oldini olishda muhim omil hisoblanadi.

Mutaxassislar tomonidan o‘rnatilgan gaz ballonlarini o‘zboshimchalik bilan boshqa joyga ko‘chirish ham jiddiy xavf tug‘diradi. Bunday harakatlar gaz chiqishi, yong‘in yoki boshqa baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois har qanday ko‘chirish yoki texnik ishlar faqat soha mutaxassislari ishtirokida amalga oshirilishi kerak.
Gaz ballonlarini quyosh nurlari ta’sirida qoldirmaslik, ularni issiqlik manbalari yaqiniga joylashtirmaslik ham muhim talablardan biri hisoblanadi. Shuningdek, aholi texnika xavfsizligi va mehnat muhofazasi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladigan yo‘riqnomalarga alohida e’tibor qaratishi lozim.

Gaz jihozlarining doimiy ravishda soz holatda saqlanishi ham xavfsizlikning muhim shartidir. Suyultirilgan gazdan foydalanib bo‘lgach, gaz plitasidagi jo‘mraklar hamda gaz ballonidagi yopish uskunasi mahkam berkitilishi shart. Bu eng oddiy, ammo eng samarali xavfsizlik choralaridan biri sanaladi.
Agar xonada gaz hidi sezilsa, zudlik bilan gaz jihozlaridan foydalanish to‘xtatilishi, ochiq olov yoqilmasligi va elektr uskunalarini ishga tushirmaslik kerak. Bunday holatda xona darhol shamollatilishi va tegishli gaz xizmatiga murojaat qilinishi zarur.
Shuningdek, suyultirilgan gazda ishlaydigan plitalarni nazoratsiz qoldirish mumkin emas. Havo almashinuvi ta’minlanmagan yopiq xonalarda gaz ballonlaridan foydalanish ham qat’iyan tavsiya etilmaydi. Gaz ballonini almashtirish jarayonida elektr chiroqlarini yoqish yoki o‘chirish, ochiq olovdan, elektr isitkichlari va isitish pechlaridan foydalanish taqiqlanadi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, gaz xo‘jaligidagi xavfsizlik qoidalariga rioya qilish har bir fuqaroning o‘z hayoti, yaqinlari va mol-mulki xavfsizligi uchun mas’ul ekanini anglatadi. Chunki ehtiyotsizlik oqibatida yuzaga kelgan birgina xatolik og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Gaz ballonidan xavfsiz foydalanish faqatgina texnik talab emas, balki har bir xonadonning kundalik hayot tarziga aylanishi lozim bo‘lgan muhim qoidadir. Oddiy xavfsizlik talablariga amal qilish orqali yong‘inlar, portlashlar va boshqa baxtsiz hodisalarning oldini olish mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri