G‘arb ustidan shikoyatlar boshlandi...
Rossiya-Ukraina
Praga bundan keyin ham Ukraina nizosida hamda mamlakatning NATO va YeIga a’zo bo‘lish rejasini amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlayveradi. Bu haqda Chexiya Prezidenti Petr Pavel aytib o‘tdi.
“Biz shu kungacha Kiyevga ikki milliard yevro miqdorida yordam ko‘rsatdik, 676 og‘ir texnika, 380 ming artelleriya snaryadi, havo hujumidan himoya tizimi va boshqa aslahalar jo‘natdik”, dedi u.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy NATO a’zolarining bir qismi uning Alyans sammitida ishtirok etishini istamayotgani, chunki “Rossiyadan qo‘rqayotgani”ni aytdi.
“Ukrainaning Alyansga a’zo bo‘lishiga aniq ishora bo‘lishi kerak”, deb javob berdi u jurnalistning “NATO sammitida qatnashasizmi?”degan savoliga.
Ukraina va Bolgariya mudofaa sohasida hamkorlikni jiddiy faollashtirishga kelishib oldi, dedi Zelenskiy Bolgariya Bosh vaziri Nikolay Denkov bilan muzokara yakuni bo‘yicha Sofiyada o‘tkazilgan matbuot anjumanida.U“Bolgariyadagi ko‘plab kishilar hayotini saqlab qolish uchun hamkorlikni davom ettiramiz”, deya qo‘shimcha qildi.
AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin ukrainalik hamkasbi Aleksey Reznikov bilan telefon muloqoti o‘tkazdi. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder ma’lum qildi. Suhbat NATOning Vilnyus sammiti oldidan va Qo‘shma Shtatlar kassetali o‘q-dori yetkazib berishi to‘g‘risidagi xabarlar asnosida bo‘lib o‘tgan.
Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Ukraina inqirozini hal etish uchun tomonlarni muzokara davrasiga taklif qildi.
– To‘xtash vaqti keldi, – dedi u. – Ko‘p yomonliklar qilindi,bundan battar bo‘lishi ham mumkin. Oldindan talab qo‘ymasdan, barcha masalani muzokara chog‘ida hal etish kerak.
Lukashenko fikricha, “Zelenskiy Ukrainani NATOga a’zo bo‘lishini qattiq talab qilaveradi, chunki u Shimoliy Atlantika alyansini Rossiya bilan urushtirib qo‘ymoqchi”.
– G‘alabaga ko‘zi yetmagach, Ukraina rahbari G‘arbdagi hamkorlari ustidan mablag‘ va qurol-aslaha yetkazib bermayotgani uchun shikoyat qilishni boshladi, – qo‘shimcha qildi Belarus yetakchisi.
Ukraina 2024 yil bo‘ladigan prezidentlik saylovida sobiq davlat rahbari Donald Tramp g‘alaba qozonishidan xavotirga tushishi kerak. Ayni voqea ro‘y bersa, Vashingtonning Kiyevga nisbatan siyosati keskin o‘zgarishi mumkin. Bu fikrni AQSHning Moskvadagi sobiq elchisi Maykl Makfol (2012-2014 yillar) Ispaniyaning “ElMundo” nashriga bergan intervyusida bildirdi.
“Tramp Ukrainani qo‘llamasligini aytib keladi, menimcha, u Moskva bilan kelishib olishi mumkin”, degan siyosatchi.
Makfol fikricha, Respublikachilar orasida AQSH Ukrainaga ko‘p mablag‘ sarflab yubordi, deya e’tiroz bildiruvchilar bisyor.
Ruminiya Ukraina va boshqa davlatlar uchuvchilari Amerikaning qiruvchi “F-16” uchog‘idan foydalanishi uchun tayyorgarlik markazi ochishga hozirlanmoqda. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ukrainada sobiq Sovet ittifoqi va Rossiya bilan bog‘liq kemalar nomini o‘zgartirish tashabbusi ilgari surilayotgan petitsiya boshlandi. Davlat rahbari matbuot xizmati saytida e’lon qilingan taklifda Prezidentdan ushbu masala bo‘yicha Oliy Radada qonun loyihasi tayyorlash so‘ralgan. Prezident mazkur murojaatni ko‘rib chiqishi uchun 25 ming ovoz to‘planishi kerak.
Abror XON, O‘zA