G‘arb Rossiyani muzokaraga chorlay oladimi?
Ma’lumki, AQSH “Rosneft”, “Lukoyl” va ushbu yirik kompaniyalarning 34 sho‘’ba korxonasiga qarshi choralarni nazarda tutuvchi Rossiyaga qarshi yangi sanksiya to‘plamini e’lon qilgan.
Mazkur cheklov ikki gigant tomonidan 50 foiz yoki yanada ko‘proq nazoratga olingan barcha sub’ektlarga taalluqli. Hatto, muayyan korxona bevosita sanksiya ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lsa ham. Jabr ko‘rganlar – “Rosneft”ning 28, “Lukoyl”ning 6 bo‘limi. Shu bilan birga yuqorida tilga olingan mashhur tuzilmalar bilan amaliyot, agar sanksiya tufayli operatsiya qisqarishi bilan bog‘liq bo‘lsa, 21 noyabrgacha ruxsat etiladi.
AQSH Moliya vazirligi mazkur qadam “Moskvaning Ukraina bilan tinchlik jarayonini davom ettirish istagi yo‘qligi” tufayli ekanini aytdi.
Moliya vaziri Skott Bessent RFga qarshi sanksiya sezilarli darajada kuchaytirilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu chora Vashington shu paytgacha Moskvaga nisbatan qabul qilgan eng keskin qarordir.
Shu kuni Amerika Senati Xalqaro aloqalar qo‘mitasi Rossiyaga qarshi uch qonun loyihasini ma’qulladi. Birinchisi, rus mamlakatini terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga qo‘shish, ikkinchisi Xitoyga qarshi iqtisodiy sanksiya qo‘llash, uchinchi loyiha har 90 kunda AQSHdagi Rossiya aktividan Kiyevga ulush o‘tkazishni nazarda tutadi.
– Darvoqe, G7 va Yevropa Ittifoqi davlatlari, shuningdek Kanada va Avstraliya ham Rossiyaga qarshi sanksiyani kuchaytirish bobida Vashingtonga qo‘shilishga chaqiriladi, – dedi mulozim.
Bundan tashqari Gollandiya tashqi ishlar vaziri Devid van Vil YeI RFning “soya floti” hisoblangan 117 kemasini taqiq ro‘yxatiga kiritgan.
– Hozir jami 564 kema YeI sanksiyasi ostida, – deb yozgan u ijtimoiy tarmoq orqali. – Allaqachon cheklovning navbatdagi to‘plami ustida ish olib borilyapti.
Ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan YeI tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi chog‘ida RF neftini olib ketayotgani taxmin qilingan kemalarni tekshirish g‘oyasi qo‘llab-quvvatlanishi ham bildirilgan.
Xo‘sh, sanksiya kuchayishi Rossiyani muzokara stoliga o‘tirishga majbur qila oladimi? Afsuski, bu savolga hech kim aniq javob bera olmayapti. Shunga qaramay, g‘arb davlatlari RFga iqtisodiy bosimni oshirish urushni to‘xtatish yo‘li ekanini ta’kidlab kelyapti.
Masalan, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte xuddi shunday fikrdaligini aytgan.
– Harbiy harakatni to‘xtatish mutlaqo to‘g‘ri yondashuv va endi biz Ukraina chindan ham shuni xohlashini ta’minlashimiz kerak, – dedi u “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida. – Allaqachon aytilganidek, Rossiya ham muzokara stoliga o‘tiradi. Rus kompaniyalariga qarshi sanksiya jarayonni osonlashtiradi.
S.Rahimov, O‘zA