Gandbol: tarixiy g‘alabaga erishildi
Xabar berganimizdek, Iordaniyaning Ammon shahrida gandbol bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo chempionati deyarli o‘z poyoniga yetib bo‘ldi.
Bugun 25 sentyabr kuni chempionat doirasida O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan uchrashuv o‘tkazildi. Unda terma jamoamiz a’zolari murakkab va ruhiy bosim ostida o‘tgan bellashuvda matonat ko‘rsatishdi va Gonkong vakillarini 28:25 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, joriy yilning 1-19 dekabr kunlari Ispaniyada o‘tkaziladigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Vatanimiz sportchilarining ushbu g‘alabasi O‘zbekiston sportchi qizlari tarixida ikkinchi marta gandbol bo‘yicha jahon chempionatida qatnashish huquqiga ega bo‘lishini ta’minladi.
Eslatib o‘tamiz, bungacha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 1997 yili Germaniyada o‘tgan dunyo birinchiligida qatnashgan edi. O‘shanda o‘z guruhida Xorvatiya, Norvegiya, Fransiya, Belarus va Kanada terma jamoalariga qarshi bahs olib borgandi.
Ushbu zafarli odim bilan mamlakatimiz gandbolchilar jamoasini muborakbod etamiz.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA