G‘alladan bo‘shagan maydonni yoqish – jinoyat
Jizzax viloyati g‘alla maydonlarida mirishkor dehqonlar tomonidan yetishtirilgan mo‘l hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ib-terib olish ishlari oxirlab bormoqda.
Ammo, ming afsuski ba’zi hollarda takroriy ekin ekish maqsadida g‘alladan bo‘shagan maydondagi don poyalarini yoqib yuborish holatlari ham uchrab turibdi. Shu o‘rinda 1 gektar yer maydonidagi boshoqli don poyasi yoqilganda atmosfera havosiga qancha zararli moddalar chiqarilishini eslatib o‘tmoqchimiz.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 1 gektar maydondagi somon poyalari yoqib yuborilgan taqdirda atmosfera havosiga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm uglevodorod, 3 kilogramm kul, 20 kilogramm is gazi va uglerod oksidi (SO) gazi chiqayotgan ekan.
Shuningdek, tuproq strukturasi buzilib, tuproq eroziyasi kuchayadi, natijada hosildorlik kamayadi. 1 tonna xazon yoqilganda esa atmosfera havosiga 30 kilogramm uglerod oksidi tashlanadi. Bitum yoqilganda undan ajralib chiqqan qurum inson organizmida sil va saraton kasalliklarini keltirib chiqarishish xavfini yuzaga keltiradi.

Ushbu ekologik va ijtimoiy muammolarning oldini olish maqsadida Jizzax viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Atmosfera havosini muhofaza qilish sho‘’basi tomonidan nazorat ishlari olib borilyapti.
Jumladan Arnasoy tumani ekologiya inspeksiyasi tomonidan olib borilgan ekoreyd tadbirlari davomida “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan olingan suratlar qayta ishlanib, tahlil qilindi va tuman hududida g‘alladan bo‘shagan yer maydoni yoqib yuborilganligi aniqlandi.
O‘rganishlar davomida “Oltin vodiy” MFY Ibn Sino ko‘chasida yashovchi fuqaro M.A. tomonidan maydon yoqib yuborilganligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” gi qonunning 4,24-moddalarining talablari buzilganligini inobatga olib, fuqaroga MJtKning 88-moddasi 3-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va BHMning uch baravari – 1 million 20 ming so‘m jarima belgilandi.
Arnasoy tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, “Oqbuloq” SIU xo‘jaligida istiqomat qiluvchi fuqaro M.A.ga tegishli bo‘lgan konturda yong‘in bo‘lgan 2,5 gektar g‘alla maydonining bonitet bali 42 hamda to‘liq agrotexnik qoidalarga amal qilgan holdagi hosildorligi 25,2 sentner ekanligi inobatga olib, tabiatga 3 million 434 ming 296 so‘mlik zarar yetkazilganligi bo‘yicha ma’lumotlarni keltirish mumkin.
Takroriy ekin ekish uchun somon poyalarini yoqib yuborish har tomonlama zarar keltiradi. Bu holat nafaqat atrof-muhitni ifloslantirib, tuproq unumdorligini pasaytiradi, balki chorva mollari va ularning ozuqasiga putur yetkazib, jamiyatga iqtisodiy zarar keltiradi.
G‘alladan bo‘shagan maydonlarni yoqish amaldagi qonunlarni buzilishi hisoblanib, jazo choralari ko‘rilishi muqarrardir.
A.QAYUMOV, O‘zA