G‘alla o‘rim-yig‘imiga bag‘ishlandi
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi “Buxoro Agroklaster” MCHJ huzuridagi “Agro markaz” majmuasida joriy yilgi g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumi boshlanishi munosabati bilan ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Amrullo Nazarov, viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov, viloyat IIB boshlig‘i, podpolkovnik Ikromjon Tursunov, shuningdek, tumanlar hokimlari, ma’muriy sektorlar rahbarlari, qishloq xo‘jaligiga daxldor tashkilot va idoralar mutasaddilari, fermerlar ishtirok etdi.

Birgina Vobkent tumani g‘allakorkorlari o‘tgan yilgi mavsumda 338 ta fermer xo‘jaligi ixtiyoridagi 6 ming 210 gektar maydonda bug‘doyning “Alekseyevich”, “Starshina”, “Vata” kabi serhosil navlarini parvarishlab, o‘rim-yig‘imda davlatga sotilgan sara bug‘doy xirmoni 16 ming tonnadan oshirilgan. Elimiz rizq-ro‘zi manbai – bug‘doy yetishtirishda tumanda har gektardan olingan hosildorlik o‘rtacha 70 sentnerni tashkil etgan.

Tuman fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan yalpi sara bug‘doy hosili 35 ming tonnaga yetkazilib, davlatga sotilganidan tashqari xo‘jaliklar omborida zaxira qilingan g‘alla hisobidan fermer jamoalari moddiy manfaatdorligi yanada oshirilmoqda. Hatto hududdagi “Yangikent oltin zamini”, “Akmal”, “G‘affor Mirshod zamini”, “Ziyodullo Akobir”, “Haydar Dilorom zamini”, “Ilyos Istam Farmon”, “Mohitobon Mavluda” kabi fermer xo‘jaliklarida har gektardan olingan hosil 80 sentnergacha yetkazilgan. Har yilgi an’anaga muvofiq, hududda qariyb 900 gektar maydonda esa elita navlari urug‘lik bug‘doyi yetishtirilmoqda.

Kech kuzda bug‘doy urug‘i qadalganidan tortib, g‘alla hosili pishib yetiladigan yoz jaziramasiga qadar barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakat samarasi o‘laroq, dalalarda mo‘l hosil to‘plangan. Yetishtirilgan barakali hosilni qisqa fursatda nest-nobud qilmay, o‘rib-yig‘ib olish maqsadida barcha harakatlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Seminarda ta’kidlanganidek, tumanda don qabul qilish punkti tomonidan joriy yilda jami 16 ming 256 tonna boshoqli don ekinlarini qabul qilish reja qilingan. Bu ishlarni uyushqoqlik bilan, tizimli ravishda amalga oshirish maqsadida shtab tashkil qilinib, 20 ta o‘rim otryadiga 20 ta kombayn biriktirilgan. Hademay, mazkur kombayn ekipajlari tumandagi 338 ta fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 6661 gektar yerda pishib yetilayotgan sara bug‘doy o‘rimiga jalb qilinadi. Donni qabul maskaniga yetkazishda hududda 100 taga yaqin yuk avtomashinasidan foydalaniladi.

– Agrar kompleksdagi bor kuch va imkoniyat g‘alla hosili o‘rim-yig‘im mavsumini yuqori darajada tashkillashtirishga qaratilayotgan viloyatda ayni kunda dolzarb mavsum oldidan barcha tumanlardagi 23 ta ta’mirlash maskaniga jami 182 ta kombayn kiritilib, mutaxassislar texnik ko‘rigidan o‘tkazilib, ta’mirdan chiqarildi, – deydi viloyat hokimligi qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Askar Javodov. - Shundan 130 ta “Case”, 42 ta “Klass”, yana 10 ta “Nyu Holland” va “Vektor” rusumli xorijiy yuqori unumdor kombaynlar shay qilinmoqda. Bu zamonaviy texnikalar yordamida hademay 65 ming gektar maydonda pishib yetiladigan bug‘doy hosili sifatli o‘rib-yig‘ib olinadi.
Ta’kidlanganidek, bu jarayonda viloyatda bevosita g‘allachilikka ixtisoslashgan 2978 ta fermer xo‘jaligi mirishkorlari, shuningdek, 182 ta o‘rim otryadi bilan birga, ularga yaqindan ko‘makchi sifatida 900 taga yaqin yuk avtomashinasi, qolaversa, 700 nafardan ortiq mas’ul alohida jonbozlik ko‘rsatishi taqozo qilinmoqda. Kombayn ekipajlari bilan birga mavsumda don tashishga mo‘ljallangan va xizmat ko‘rsatadigan texnikalar ham jalb qilinib, ularning mavsum davomida to‘liq ishchi holatida bo‘lishi ta’minlanadi.
Seminarda g‘alla o‘rim-yig‘imiga jalb qilinadigan barcha mas’ullarga zarur tavsiya va topshiriqlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri