G‘alabalarning qadr-qimmati ma’naviyat bilan belgilanadi
Yurtimizda yoshlar tarbiyasidagi kemtikliklar oqibatida yuz berayotgan noxush holatlar ma’naviy-ma’rifiy, milliy qadriyatlarimizga xos bo‘lgan hurmat-izzat tamoyillarining o‘rnini yanada mustahkamlash va bu boradagi targ‘ibot ishlari ko‘lamini kengaytirish lozimligini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida tashkil etilgan “Sport zo‘ravonlikka qarshi” shiori ostidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ishtirok etgan mutasaddilar, federatsiya va assotsiatsiya vakillari, faxriy mehmonlar, sportchilar mazkur masala xususida fikrlashishdi.

– Afsuski, keyingi paytda yuz bergan ayrim noxush holatlarga mamlakatimizning ayrim sportchilari ham aralashib qolganligi achinarli hol bo‘ldi. Bu erishayotgan umumg‘alabalarimizga dog‘ bo‘lganligi sir emas. Shu bois, mavjud vaziyatga befarq bo‘lmaslik barchamizning vazifamiz. Ayniqsa, sportchilar bilan mashg‘ulot o‘tayotgan murabbiylar yoshlar ma’naviyatini oshirishda, ularga odob-axloq, ma’naviy tushunchalarni o‘rgatishdagina emas, o‘zlari ham bu borada shogirdlariga namuna bo‘lmog‘i lozim, – deya ta’kidladi Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov.

Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya mutasaddilari, Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi vakillari, taniqli sportchilar Armen Bagdasarov, Bahodir Jalolov, Ulug‘bek Rashitov, Dmitriy Shokinlar mazkur masala xususida o‘z qarashlarini bildirishdi hamda mahoratli sportchilarni kamolga yetkazishda ma’naviy tarbiyaning beqiyos ahamiyatini hayotiy misollar asosida kuchaytirish lozimligini e’tirof etishdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA