Gaitida minglab mahbuslar qochib ketgan
Gaitidagi eng yirik qamoqxonadan mahbuslar ommaviy qochishi natijasida 10 kishi qurbon bo‘ldi, deb yozgan “Frans Press” agentligi.
Avvalroq “Metronome” radiosi qurolli to‘dalar poytaxt Port-o-Prensdagi milliy turmaga hujum uyushtirgani, tartibsizlikdan foydalanib, minglab mahbuslar qochib ketgani haqida yozgan edi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, turmadagi 3 800 mahbusdan atigi 100 kishi qolgan.
2021-yil iyulda Gaiti Prezidenti Jovenel Moiza hayotiga suiqasd qilingandan keyin mamlakatda ijtimoiy-siyosiy inqiroz kuchayib ketdi. Hukumatning harakatsizligi sabab jamiyatda jinoiy guruhlar ta’siri ortmoqda, tovlamachilik, pul evaziga qaytarib berish maqsadida amalga oshirilayotgan odam o‘g‘irlash holatlari ko‘paygan. Jinoiy guruhlar mamlakatning butun boshli mintaqalarini, yonilg‘i saqlanadigan terminallarni nazorat ostida ushlab turibdi.