Gaiti Bosh vaziri hokimiyatdan chetlatildi
Gaiti Bosh vaziri Garri Konil lavozimga kirishganidan olti oy o‘tmay, ishdan bo‘shatildi. Ushbu qarorni chiqargan mamlakat boshqaruv kengashi to‘qqiz a’zosidan sakkiz nafari imzolagan hujjatga ko‘ra, uning o‘rniga tadbirkor, sobiq senator Aleks Dide Fis-Ema tayinlandi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti sobiq rasmiysi Konil turli to‘dalar faoliyati tufayli davom etayotgan xavfsizlik inqirozi asnosida tayinlangan va mamlakatda 2016 yildan beri ilk prezidentlik sayloviga yo‘l ochishi kutilgan edi.
Gaitida hozir na prezident, na parlament mavjud. Konstitutsiyaga ko‘ra, faqat parlament amaldagi Bosh vazirni iste’foga chiqarishi mumkin. Konil 3 iyun kuni qasamyod qilgan edi.
– Har qanday huquqiy va konstitutsiyaviy doiradan tashqari qabul qilingan ushbu rezolyutsiyaning qonuniyligi jiddiy shubha uyg‘otadi, – deydi hukumat rahbari.
O‘tish davri prezidentlik kengashi (O‘DPK) aprel oyida Konildan oldingi Ariel Anri poytaxt Port-o-Prensning bir qismini egallab olgan to‘dalar tarmog‘i tomonidan lavozimidan chetlatilgandan keyin tuzilgan.
Bu yurtda qaroqchilar va isyonchilar hokimiyat uchun kurashmoqda. Anri 2024 yil 25 fevralda Gayanadagi sammitda ishtirok etish uchun Gaitini tark etgan. Shundan so‘ng to‘da a’zolari xalqaro aeroportni egallab olgan va uning qaytishiga to‘sqinlik qilgan.
O‘DPK zo‘ravonlik keng tarqalgan ushbu Karib dengizi mamlakatida demokratik tartibni tiklash niyatida.
Gaitini dunyodagi eng qashshoq mamlakatlardan biri deb hisoblaydigan BMT ma’lumotiga ko‘ra, yanvar oyidan beri mazkur mamlakatda 3600 dan ko‘p odam halok bo‘lgan, 500 000 dan ortiq kishi uyini tashlab ketgan. Ikki million kishi haddan ziyod ochlikdan aziyat chekmoqda, aholining, deyarli, yarmi to‘yib ovqatlanmaydi.
Eng kuchli jinoiy to‘dalardan biri yetakchisi, Barbekyu nomi bilan tanilgan Jimmi Cherize avvalroq qurolli guruhlarga yangi hukumat tuzish bo‘yicha muzokarada ishtirok etishiga ruxsat berilsa, zo‘ravonlikni to‘xtatishga tayyorligini aytgan.
So‘nggi prezidentlik saylovi Gaitida sakkiz yil oldin, “Tet Kale” partiyasidan Jovenel Mois saylanganda o‘tkazilgan. U 2021 yil iyulda o‘ldirilgandan beri oliy lavozim bo‘sh.
To‘dalar hokimiyatdagi bo‘shliqdan foydalanib, o‘z nazoratidagi hududlarni kengaytirmoqda. Joylarda virtual qonunbuzarlik avjiga chiqqan.
O‘tgan oy Keniyadan Gaitiga yuzlab politsiyachi jo‘natilgani, shu oy yana qo‘shimcha kuch kelishi kutilayotgani xabar qilingandi.
M.Pirmatova, O‘zA