Gabonda yangi Konstitutsiya qabul qilindi
Gabonning yangi Konstitutsiyasi loyihasi referendumda ovoz bergan fuqarolarning 91,80 foizi tomonidan ma’qullandi. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vaziri German Immongo ma’lum qildi.
– Ovoz berishda aholining 53,54 foizi ishtirok etdi, atigi 8,20 foiz aholi esa asosiy qonun matniga kiritilgan o‘zgartirishlarga qarshi chiqdi, - dedi IIV rahbari.
Ovoz berishning yakuniy natijalari yaqin kunlarda Konstitutsiyaviy sud tomonidan e’lon qilinadi.
Yangi Konstitutsiya matniga kiritilgan asosiy o‘zgartirishlar prezidentlik muddati 5 yillik muddat o‘rniga saylanish imkoniyati bilan 7 yil bo‘lishi, shuningdek, Bosh vazir lavozimini bekor qilish va ijro hokimiyati davlat rahbari qo‘lida boshqarilishi moddalaridan iborat.
O‘lkadagi muxolifat yangi Konstitutsiya hokimiyatlar bo‘linishi tamoyilini bekor qilishi va prezident barcha vakolatlarni o‘z qo‘liga to‘plashini asoslab, jamoatchilikni bu loyihaga qarshi chiqishga chaqirdi.

Ma’lumot o‘rnida: 1967 yildan Gabonni Bongolar oilasi boshqarib kelmoqda. Hokimiyat tepasiga birinchi Omar Bongo, 2009 yilda uning vafotidan keyin o‘g‘li Ali Bongo Ondimba keldi.
Bongo sulolasining hukmronligi 2023 yil 30 avgustda, saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovchilarning 64,27 foiz ovozini olgan Ali Bongo Ondimbaning g‘alabasi e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, harbiy to‘ntarish bilan yakunlandi.
Xuddi shu kuni poytaxt Librevilda Davlat institutlarini o‘tkazish va tiklash qo‘mitasi deb atagan bir guruh zobitlar saylov natijalarini bekor qildi. Davlat chegaralari yopilib, barcha siyosiy institutlar tarqatib yuborildi.
Qo‘zg‘olonchilar “hozirgi tuzumga chek qo‘yish” niyatlarini bildirib, Gabonda hokimiyat tepasiga kelgan harbiy general Brays Oligu Ngemani “o‘tish davri hukumat prezidenti” etib tayinladi.
Joriy yil 7 sentyabr kuni Raymond Ndong Sima “o‘tish davri hukumat Bosh vaziri” etib tayinlandi.