G‘o‘zaning «An-Boyovut» navi parvarishlanmoqda
Fermer xo‘jaligimizda 40 gektar maydonda g‘o‘zaning mahalliy iqlim sharoitiga mos «An-Boyovut» navi parvarishlanmoqda.
Fermer xo‘jaligimizda 40 gektar maydonda g‘o‘zaning mahalliy iqlim sharoitiga mos «An-Boyovut» navi parvarishlanmoqda. Hosil taqdiri hal bo‘ladigan shu kunlarda har bir tup g‘o‘zaga alohida e’tibor qaratib, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz.
To‘g‘risini aytganda, biz chigit ekib, g‘o‘za parvarishlashga dekabr-yanvar oylaridan boshlab hozirlik ko‘ramiz. Sho‘rni ikki marta «yaxob» bilan yuvamiz. Bu tuproqda namlikni uzoq vaqt saqlash va mavsumda suvni tejashga xizmat qiladi. Joriy yilda mahalliy o‘g‘itni g‘o‘za qator oralariga solib, “sharbat” usulida ikki marta sug‘orishga erishdik.
G‘o‘zani chopiq qilish ham ko‘p mehnat talab qiladi. Boshqa hududlarda ekin ikki marta chopiq qilinsa, biz o‘n marta chopiq qilamiz. Yo‘qsa, begona o‘t bosib, yerlar qatqaloq bo‘lib, g‘o‘za ildizi rivojiga salbiy ta’sir qiladi. Kultivatsiyani ham sifatli amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdik. Chunki qator oralariga qancha ko‘p ishlov berilsa, g‘o‘za nihollari shuncha baravj o‘sadi. Shuningdek, chilpish tadbirini o‘z vaqtida va qisqa fursatda o‘tkazish hosildorlikni oshirishning muhim omillaridandir.
G‘o‘za kasallanishining oldini olish, turli zararkunandalarga qarshi kurashishda biologik usuldan samarali foydalanamiz. G‘o‘za zararkunandalari – shira, trips, o‘rgimchakkana va boshqa hasharotlarga qarshi kurashishda mutaxassislar tavsiyalariga qat’iy amal qilinayotgani, “Brakon”, “Oltinko‘z” singari biomahsulotlardan samarali foydalanilayotgani bois barcha maydonlarda nihollar bir tekis rivojlanmoqda.
Ana shunday e’tibor va qulay ob-havo tufayli g‘o‘zaning avji baland. Har gektardan kamida 35 sentnerdan hosil olishni mo‘ljallab turibmiz. Zero, g‘o‘za tanasida to‘plangan ozuqa hosilning shakllanishi, ko‘saklarning bo‘liq bo‘lishiga xizmat qiladi. Galdagi vazifa har bir dalaning holatiga qarab, defoliatsiyani sifatli o‘tkazishdan iborat.
G‘o‘za bargini sun’iy to‘ktirishda asosiy e’tibor ko‘saklarning ochilish darajasiga qaratiladi. Bunda egatdagi namlikdan to defoliantlarning g‘o‘za naviga ta’sirigacha hisobga olinishi lozim. Har tupda o‘rtacha 50-55 foiz ko‘sak ochilgan bo‘lsa, defoliatsiyani boshlash mumkin. Bu ish kechiksa, yig‘im-terim muddati cho‘zilib, hosil sifatiga putur yetadi.
Defoliatsiya tez va sifatli o‘tkazilsa, 15 kun ichida ko‘saklarning 85-90 foizi ochiladi. Bu hosilning yuqori navda bo‘lishini ta’minlaydi. Shu bois har bir kunni g‘animat bilib, hosil salmog‘ini oshirishga intilmoqdamiz.
Tumanimizdagi boshqa fermer xo‘jaliklarida ham hosilga hosil qo‘shish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Dalada mehnat qilayotgan ishchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Bularning barchasi ulkan xirmon yaratish uchun puxta zamin bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Dilfuza Abdusattorova,
Sirdaryo viloyati Sardoba
tumanidagi «Sehrli sayqal makoni»
fermer xo‘jaligi rahbari.