G‘alaba uchun maydonga tushamiz
Poytaxtimizda “Universiada – 2016” sport o‘yinlari dasturidagi futbol, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi va boks bo‘yicha mintaqaviy saralash musobaqalari boshlandi.
Poytaxtimizda “Universiada – 2016” sport o‘yinlari dasturidagi futbol, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi va boks bo‘yicha mintaqaviy saralash musobaqalari boshlandi.Unda Toshkent shahri, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari terma jamoalari musobaqaning final bosqichiga chiqish uchun bahs olib bormoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli sport o‘yinlari – «Umid nihollari», «Barkamol avlod» va Universiada musobaqalari yurtimiz kelajagi bo‘lgan yosh avlodni har jihatdan sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazish yo‘lida ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir. Bu tizimning yuqori bo‘g‘ini – Universiada oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan yoshlar o‘rtasida sportni yanada ommalashtirish, xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Musobaqalar O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti, Ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar boks maktabi hamda «Paxtakor» futbol klubi qoshidagi 16-bolalar va o‘smirlar sport maktabida bo‘lib o‘tmoqda.
– Universiada musobaqasining basketbol turi bo‘yicha mintaqaviy saralash bosqichida ilk raqibimiz jizzaxlik tengdoshlarimiz bilan kuch sinashib, g‘alaba qozondik, – deydi poytaxtlik Alisher Indayev. – Iroda va mahorat sinovi bo‘lgan Universiada musobaqasining finalida munosib ishtirok etish – asosiy maqsadimiz.