Futbolchilarimiz chorak finalda BAA bilan o‘ynaydi
Xabaringiz bor, Saudiya Arabistonida futbol bo‘yicha U17 yosh toifasida o‘tkazilayotgan Osiyo kubogining guruh bosqichida O‘zbekiston terma jamoasining chorak finaldagi raqibi aniq bo‘ldi.
Gap shundaki, “A” guruhida birinchi o‘rinni egallagan futbolchilarimiz chorak finalda “B” guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan BAA termasi bilan raqobatlashadigan bo‘ldi. Guruhimizda ikkinchi pog‘onadan joy olgan Saudiya Arabistoni esa Yaponiyaga qarshi yarim final yo‘llanmasi uchun o‘ynaydi.
Mazkur uchrashuvlar 13 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, “C” guruhida ham so‘nggi tur natijalariga ko‘ra, navbatdagi bosqichga yo‘l olgan terma jamoalar nomi aniq bo‘ldi. Unga ko‘ra, Indoneziya va Janubiy Koreya 1-2-o‘rindan joy olib 1/4 finalga chiqdi. Ushbu jamoalarning raqiblari bugun “D” guruhida o‘tkaziladigan 3-tur uchrashuvlaridan so‘ng aniq bo‘ladi. Unda Tojikiston – Eron, O‘mon – KXDR bilan raqobatlashadi.

Darvoqe, guruh bosqichida 1-2-o‘rinlarni egallagan jamoalar chorak final bilan bir qatorda joriy yilning noyabr oyida Qatarda o‘tadigan jahon chempionatiga ham yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA