Futbol: "Yevro-2024"ning ramzi namoyish etildi
Ma’lumki, futbol bo‘yicha 2024 yilgi Yevropa chempionati Germaniyaning o‘nta shahrida o‘tkaziladi.
Kecha 5 oktyabr kuni UEFA tomonidan ushbu chempionatning ramzi keng jamoatchilikka namoyish etildi.
“Ramz "Yevro-2024"ning haqiqiy timsoli bo‘ldi. Unda asosan 6 rang qo‘llanilgan bo‘lib, UEFA atrofida jamlangan 55 ta davlatning bayroqlari aks etgan. Futbol qayerda o‘tkazilishidan qat’iy nazar, u barchaning umumiy uyidir” deyiladi ma’lumotda.
Aytish lozimki, mazkur chempionatni o‘tkazish uchun Turkiya ham da’vogarlik qilgandi. Ammo 24 ta jamoa ishtirokida o‘tadigan chempionatni o‘tkazish huquqini ko‘proq ovoz to‘plagan Germaniya qo‘lga kiritdi.
"Yevro-2024" o‘yinlarining saralash o‘yinlari 2022 yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, "Yevro-2024" gacha nemislar mamlakatida 1988 yili qit’a chempionati tashkil etilgandi. Shuningdek, 1974 va 2006 yillari Germaniya futbol bo‘yicha jahon chempionatini ham qabul qilgandi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA