Futbol shousi: o‘yinda durang qayd etildi
Andijonda “Andijon” futbol klubining 60 yilligi munosabati bilan qator tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Andijon shahridagi “Bobur-arena”da “Andijon” futbol klubi hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi faxriylari o‘rtasida kuz yomg‘iri ostida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvi andijonlik futbol muxlislari qalbida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Futbol shousi yuqori ko‘tarinkilik bilan boshlandi. O‘yin oldidan joriy yilda O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritgan “Andijon” klubi a’zolari stadionga chiqib, jamoani doimiy qo‘llab-quvvatlayotgan muxlislarga minnatdorchilik bildirdi, faxriylarga omad tiladi.
Shundan so‘ng mamlakatimiz futboli afsonasi Birodar Abduraimov murabbiyligidagi milliy terma jamoa a’zolari – O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, o‘z davrining taniqli futbolchilari Anvar Jabborov, Farhod Magomedov, Baxtiyor Ashurmatov, Gennadiy Denisov, G‘ulom Halimtoyev, Leonid Koshelev, Server Jeparov, Azamat Abduraimov, Rustam Do‘rmonov, Pavel Solomin hamda “Andijon” klubi faxriylari saf tortdi. Shuningdek, andijonlik faxriylar tarkibida so‘z ustalari Valijon Shamsiyev, G‘ayrat Ahmedov, ikki karra olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov ham o‘yinda ishtirok etdi.
[gallery-20208]
O‘yin sobiq futbol hakami Muhammadqosim To‘xtasinovning hushtagi bilan boshlandi. Uchrashuvni faxriy futbol sharhlovchisi Mirzahakim To‘xtamirzayev qiziqarli tarzda sharhlab bordi.
Futbol shousida “Andijon” klubi faxriysi Asqar Jadigerov hisobni ochdi. Shundan so‘ng jamoalar raqib darvozasiga qator gollar kiritdi.
O‘yinning birinchi taymidan so‘ng, tanaffus paytida tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilarga, mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ikkinchi taym yanada qiziqarli o‘tdi. Teng kurashlar ostida o‘tgan uchrashuv 5:5 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan futbol shousi Andijonda futbolni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari