Futbol: kutilmagan natijalarga boy tur
Dam olish kunlari O‘zbekiston superligasida 19-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
Dam olish kunlari O‘zbekiston superligasida 19-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Ta’kidlash kerak, mazkur turda bir qator kutilmagan natijalar qayd etildi.
Mavsumni omadsiz boshlagan “Qo‘qon-1912” jamoasi nihoyat 2-davraga kelib o‘z o‘yini va uslubini topib olgan ko‘rinadi. Boisi, so‘nggi turlarda qo‘qonliklarni aslo to‘xtatib bo‘lmayapti. Kecha Aziz To‘xtaboev shogirdlari mavsumni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishayotgan “Bunyodkor” futbolchilarini ham ayab o‘tirishmadi va yirik – 3:0 hisobida g‘alabaga erishdi. E’tiborlisi, Vadim Abramov shogirdlarini joriy mavsum “Paxtakor”, “Nasaf”, “Surxon” kabi jamoalar ham ikki to‘p farqidan ortiq hisobda yengisholmagandi. Shu ma’noda 19-tur qahramonlari shubhasiz qo‘qonliklar bo‘lishdi, desak mubolag‘a qilmaymiz.
Turning markaziy o‘yini esa Namanganda, muxlislar bilan liq to‘la stadionda o‘tib, unda mahalliy “Navbahor” jamoasi chempionat peshqadami “Paxtakor”ni qabul qildi. Bir muddatlik tanaffusdan keyin “Navbahor”ga yana Andrey Kanchelskisning bosh murabbiy sifatida qaytishi ishqibozlarni ham stadionga qaytardi. Ammo, tarkib va tajriba bobida bugun barcha raqiblaridan ustun bo‘lgan “sherlar” Namanganda ham mezbonlarni ranjitdi. Doston Hamdamov tomonidan kiritilgan yagona gol “Paxtakor”ga g‘alaba taqdim etish bilan birga Shota Arveladze shogirdlarini chempionlik sari yaqinlashtirdi.
“Lokomotiv” esa Samvel Babayan boshqaruvida o‘z o‘yini va uslubini topolmayotganga o‘xshab ko‘rinmoqda. Bunday fikr yuritishimizning boisi, Babayan qo‘l ostida temiryo‘lchilar qayd etayotgan natijalar jamoa maqsadlariga mos kelmayapti. 19-turda ular o‘z maydonida “Metallurg” bilan ochkolarni baham ko‘rishdi va natijada peshqadam “Paxtakor” bilan farq yanada yiriklashdi. Bu ketishda “sherlar” keyingi turdayoq chempionlik masalasini rasman hal qilishi mumkin.
19-tur o‘yinlarida qayd etilgan natijalar:
“Andijon” – “So‘g‘diyona” – 0:0
“Buxoro” – “Surxon” – 0:2
“Qizilqum” – “Nasaf” – 0:0
AGMK – “Dinamo” – 3:1
“Qo‘qon-1912” – “Bunyodkor” – 3:0
“Navbahor” – “Paxtakor” – 0:1
“Lokomotiv” – “Metallurg” – 1:1
Chempionatda 53 ochko bilan “Paxtakor” peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, “Lokomotiv” 36 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. 3-4-o‘rinlarni esa 31 ochkodan jamg‘argan “Bunyodkor” va “So‘g‘diyona” klublari band etib turishibdi.