Furqatda omilkor oilalar ko‘paymoqda
Mamlakatimizda ekin yer maydonlari va tomorqadan unumli foydalanish borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda, odamlarning bu bo‘yicha qarashlari ham o‘zgarmoqda. Zotan yerga egalik zamirida uni samarali tasarruf etish mujassam, tomorqa xo‘jaliklaridagi har qarich yerning-da hisobi, uvoli bor.
Farg‘ona viloyati Furqat tumani keyingi yillarda agrar tumandan sanoat hududiga aylanib bormoqda. Shunday bo‘lsa-da, mavjud ekin maydonlaridan, tomorqalardan unumli foydalanish, yangi tashabbuslarni amalga oshirishda talay ishlar qilinmoqda.

Jumladan, tumanning “Ardaxshon”, “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘inlarida issiqxona xo‘jaligi keng yo‘lga qo‘yilmoqda. Hududdagi aholi tomonidan ham, mirishkor dehqonlar va tadbirkorlar tomonidan ham issiqxonalar tashkil qilinib, ertaki mahsulotlar yetishtirilmoqda, bozorlar to‘kinligi ta’minlanmoqda. Bu borada “Grand agrofirma” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahsinga sazovor.
– Bundan uch yil avval bank balansidagi yerga e’tibor qaratdik. Anchayin muammoli, qarovsiz holga kelib qolgan 8 gektar yer maydoni uchun talabgorlar saralab olindi va eng munosib deb topilgan tadbirkorlarga ushbu yer maydonini biriktirib berdik. Albatta, ma’lum shartlar bilan, – deydi tuman hokimi Jahongir Jumanov. – Adashmagan ekanmiz, o‘tgan vaqt mobaynida yer o‘z egasini topganiga ishonch hosil qildik. Bugungi kunda bu yerda barchasi namunali tashkil qilingan, tuman yoshlarini doimiy ish o‘rni bilan band qilishda ham o‘rnak bo‘lishyapti.

Ardaxshon mahallasi hududidagi olti gektar maydonda barpo etilgan issiqxonada parvarish qilinayotgan pomidor paykali ayni kunlarda avji hosilga kirgan. E’tiborlisi, pomidor ko‘chatlari shu yerning o‘zida yetishtirilgan.
– Dastlab tuproq va iqlim sharoitiga mos nav tanlashga kirishdik. “Alaniya” navli pomidor hosildorligi, ertapisharligi va kasalliklarga chidamliligi bilan boshqa navlardan ajralib turadi. O‘tgan yillari shu navni parvarishlab yaxshi hosil oldik. 200 ming tup egganmiz. Yaqin kunlarda birinchi hosilni yig‘ishtirib olamiz, – deydi mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Hayotjon Qurbonov.

Uning aytishicha, ichki bozordan tashqari, hosilning asosiy qismi xorijga eksport qilinadi. Rossiyalik hamkorlar bilan shartnomalar ham tuzilgan. Har bir tupidan o‘rtacha 7-8 kilodan pomidor hosili yig‘ishtirib olinmoqda. Daromad ham shunga yarasha.
1,5 gektar maydondagi issiqxonada esa “Orzu” navli bodring parvarishlanmoqda. Shu kunlarda tadbirkor Baxtiyor Parpiyevning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Dastlabki hosil viloyatdagi savdo markazlari va bozorlarga peshma-pesh yetkazib berilyapti.
“Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘inida 510 ta xonadon mavjud, tabiiyki, shuncha tomorqa ham. Mahalla mutasaddilarining tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha sa’y-harakati, ezgu ishga undovi o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. Avvaliga uncha ro‘yxushlik bermagan fuqarolar bugun issiqxona xo‘jaligining foydasini bilib qolgan. Kech kuz deysizmi, erta bahor deysizmi – bu yerda bozorgir qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi, peshma-pesh bozor rastalaridan o‘rin oladi. Yosh tomorqachi Oybek Umaraliyev 30 sotixlik issiqxona tashkil qilgan peshqadamlardan. U yetishtirgan rediska, bodring, pomidor, ko‘katlar uchun xaridorlarning keti uzilmaydi. Bir yilda uch marta hosil yetishtirayotgan mirishkor dehqonlarning turmush sharoiti ham yuksalgan.

“Astoydil mehnat qilinsa, bir sotix maydondan 5-6 million so‘m sof daromad qilish mumkin”, deydi Oybek.
– Mahallamiz ahli mehnatkash. Ularga yetarli shart-sharoit yaratib berish harakatidamiz. Birgina “Temiryo‘lchilar” ko‘chasida 14 ta xonadonda issiqxona bor. Ular safi yil sayin kengayib bormoqda. Chorvachilik, hunarmandchilikdan tashqari, issiqxona xo‘jaligi asosiy drayverga aylanib ulgurdi, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Shuhratjon Hakimov.–Ishsiz yoshlar bandligini ta’minlashda ham bu soha qo‘l kelmoqda. Issiqxona tashkil qilish uchun subsidiya va imtiyozli kreditlar olib berilyapti.

Bir so‘z bilan aytganda, Furqatda bugun bekorchi odamni topish amri mahol. Yangilikka intilish, oilalar farovonligini ta’minlash, yoshlarning kasb-u hunar egallashi yo‘lida tinim bilmay izlanayotgan mas’ullar harakati tahsinga sazovor. Yog‘och o‘ymakorligi, beshikchilik, sandiq-javon yasash, temirchilik, yangi soha hisoblangan qo‘ziqorin yetishtirish singari yo‘nalishlarda ham birmuncha yutuqlarga erishilmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri