Fuqarolarimiz konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida juda faol
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish taklifi ilgari surilgandi.
Joriy yilning 17 may kuni Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan har ikki partiya fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishida ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tashabbusi ma’qullangan.
Shundan so‘ng Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha xalqimiz tomonidan fikrlar, takliflar bildirilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi hamda Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti tomonidan “Konstitutsiyaviy islohotlar va fuqarolik jamiyati institutlari: taklif va tavsiyalar” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida ham Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Ta’kidlandiki, bugungi kunda umumxalq orzusi, istagi, maqsadini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish g‘oyasi tom ma’noda xalqimizning barcha tabaqalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Konstitutsiyani takomillashtirish bo‘yicha keng jamoatchilik tomonidan Konstitutsiyaviy komissiyaga har soatda kelib tushayotgan ko‘plab amaliy takliflar ham bundan dalolat beradi.
Konstitutsiyaviy komissiya tarkibida barcha hududlardan deputatlar, senatorlar, jamiyatning turli qatlamlari, jumladan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, yetuk huquqshunos va siyosatshunoslar hamda boshqa ekspertlar faol ishlamoqdalar.
– bugungi kunda olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni keng jamoatchilik, ayniqsa, xalqimiz juda yaxshi kayfiyatda kutib oldi, yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlagan holda tashkil etilgan Konstitutsiyaviy komissiyaga soat sayin o‘z takliflarini yo‘llashmoqda, – deydi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Masharipov. – Shu jumladan, mamlakatimizdagi fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, joylardagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham Konstitutsiyada “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyilini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlari o‘rni va ahamiyatini oshirish, faoliyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asosini takomillashtirish borasida o‘z taklif va tavsiyalari bilan chiqishmoqda.

Xususan, hududlarda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi tomonidan konstitutsiyaviy islohotlar targ‘ibotiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirlar davomida NNTlar vakillari va fuqarolardan yuzdan ortiq takliflar kelib tushdi. Takliflarda asosan fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, ta’lim sohasini rivojlantirish va boshqa ijtimoiy masalalar o‘rin olgan.
Bu shundan dalolat beradiki, fuqarolarimiz bu jarayonlarda juda ham faol. Bosh qomusimiz bizning kelajagimiz, yutuqlarimiz, oldimizga qo‘ygan katta-katta orzu umidlarimizning huquqiy poydevori ekanligini chuqur his qilishyapti.
Tadbir ishtirokchilarining fikricha, fuqarolik jamiyati konsepsiyasining konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlanishi fuqarolik jamiyatining maqomini yanada oshiradi. Ayni damda fuqarolik jamiyati – konstitutsiyaviy davlatning ajralmas atributi (uning maqsadi) hisoblangan ijtimoiy jamiyatning ideal standarti ekanligini ta’kidlash muhim.

Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning fundamental asari hisoblangan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobidagi “Xalq qabulxonalari”ga konstitutsiyaviy maqom berish, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlarning jamoat muhokamasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish, shuningdek, xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi “Xalqchil davlat” milliy dasturlarini tasdiqlash kabi tashabbuslarni hayotga tatbiq etish ustuvor vazifalar ekanligi alohida e’tirof etildi.
Huquqshunoslar, olimlar, tajribali NNT vakillari muhokamasidan o‘tgan takliflar umumlashtirilib, Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA