Fuqarolar murojaati doimiy e’tiborda
Toshkent viloyati Xalq deputatlari Chirchiq shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida kamchilikka yo‘l qo‘ygan rahbarlar masalasi ko‘rib chiqildi.
Dastlab aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash hamda sektorlar faoliyati bo‘yicha Prezidentning Chirchiq shahridagi Xalq qabulxonasi mutaxassisi axboroti tinglandi. Qayd etilganidek, 2022 yil birinchi choragida Xalq qabulxonasi, Prezident virtual qabuxonasiga murojaatlar o‘tgan davrning mos davriga nisbatan kamaygan. Xususan, suv, elektr energiyasi ta’minoti, sog‘liqni saqlash, kredit masalasida murojaatlar kamaygan. Shu bilan birga, “Semurg‘” , X.Maqsudov, “Navro‘z” va “Kabutar” mahallalaridan murojaatlar ko‘paygan. 2022 yilda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash jarayonida kamchilikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish yuzasidan Kengashga takliflar kiritib borish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, sessiyada 1-, 3-sektorlardagi ayrim oilalarni “Temir daftar” dan chiqarish va boshqa oilalarni ushbu ro‘yxatga kiritish lozimligi aytib o‘tildi. Shundan so‘ng joriy yil may oyida bo‘ladigan mahalla raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha mas’ullar axborot berdi. Unga ko‘ra, o‘tgan davrda komissiya tomonidan saylov o‘tkaziladigan manzillar aniqlangan, saylovchilar ro‘yxati mahallalar kesimida shakllantirildi. Ishchi guruhlar ham tuzilib, ularning jami a’zolari soni 424 nafarni tashkil etdi. E’tiborlisi, ulardagi jami xotin-qizlar 68 foiz, 9 foizi esa 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Bundan tashqari, 14 aprel holatiga 115 nafar raislikka nomzodlar ro‘yxati shakllantirildi va hujjatlari qabul qilinmoqda.
Sessiyada saylovga tayyorgarlik ishlari va nomzodlarni saralash jarayoni “Guliston”, “Chinor”, “Navbaxor”, “Kimyogar”, “Yoshlik”, “Ma’rifat” mahallalarida sust olib borilayotgani, “Madaniyat”, “Xayot guli” mahallalarida umuman qoniqarsiz ekanligi qayd etildi. Bu hududlarda ishchi guruhlar faoliyatini qayta tashkil etish zarurligi aytildi.
A.Musayev, O‘zA