Fud-kort maydonlari auksionga qo‘yildi
“Uzbekistan Airports” kompaniyasi E-auksion.uz elektron savdo maydonchasida “Toshkent” xalqaro aeroporti uchish terminalining yangi qismidagi “steril” zona maydonlari ijarasi uchun uchta yangi lot joylashtirdi. U joriy yilning iyul oyi so‘ngiga qadar foydalanishga topshiriladi.
Rekonstruksiya doirasida uchish zalining chap qismida qurilish-montaj ishlari yakunlanmoqda. Umumiy maydoni qariyb 3 ming kvadrat metr bo‘lgan yangi hududda uchib ketayotgan yo‘lovchilar uchun kutish zonasi, aviatsiya xavfsizligini tekshirish va shinam fud-kort zonalari joylashtiriladi. Loyihaga ko‘ra, umumiy maydoni 600 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan fud-kort zonasida turli toifadagi umumiy ovqatlanish nuqtalari joylashadi. Ular orasida milliy va Yevropa oshxonasi restoranlari hamda tez ovqatlanish shahobchalari o‘rin oladi.
“Uzbekistan Airports” aviatsiyasiz faoliyat bo‘yicha tijorat bo‘limining izoh berishicha, har bir umumiy ovqatlanish toifasi uchun alohida texnik topshiriqlar tayinlangan. Masalan, fast-food segmenti uchun asosiy talablardan biri mashhur amaldagi xalqaro brendning borligidir. Mahalliy brendlardan tashqari, aeroportda albatta chet el yo‘lovchilari uchun ma’lum va mashhur xalqaro savdo markalari ham mavjud bo‘lishi kerak. Barcha salohiyatli ijarachilar umumiy ovqatlanish sohasida xizmatlar taqdim etish borasida kamida 3 yillik amaliy tajribaga ega bo‘lishi shart.
Ijarachilarga qo‘yilgan talablar va boshlang‘ich narxlar barcha xohlovchilar uchun E-auksion saytidagi lot ostida berilgan. Auksion qonun-qoidasiga ko‘ra, dastlabki yillik miqdor savdo davomida kamida 10 foizga oshishi mumkin.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA