Freybergdan Qizilqumgacha: Germaniya va O‘zbekistonni bog‘lagan ilm yo‘li
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi oldidan
Ba’zan insonning hayot yo‘li xaritada bir-biridan minglab kilometr uzoqlikda joylashgan ikki go‘sha bilan chambarchas bog‘lanadi. Men uchun Germaniyaning qadimiy Freyberg shahri va O‘zbekistonning bepoyon Qizilqum hududi ana shunday ikki qadrdon maskandir. Bu olis manzillarni konchilik sohasi va faol ilmiy hamkorlik an’analari bog‘lab turibdi.
O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ortga nazar tashlar ekanman, mamlakatingiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, ayniqsa, ilm-fan, oliy ta’lim va tog‘-kon sanoati sohalaridagi yuksalish alohida e’tirofga loyiq ekanini ta’kidlamoqchiman. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston nafaqat iqtisodiy jihatdan rivojlandi, balki xalqaro ilmiy hamkorlikning ishonchli hamkoriga aylandi.
Mening O‘zbekiston bilan tanishuvim o‘tgan asrning 80-yillariga borib taqaladi. Ilk bor 1980-yilda talaba sifatida Angren shahrida amaliy mashg‘ulotlarda bo‘lganman. O‘sha safar menda nafaqat konchilik ishlab chiqarishi, balki o‘zbekistonlik mutaxassislarning kasbiga sadoqati va mehmondo‘stligi katta taassurot qoldirgan edi. Oradan yillar o‘tib, 2002-yilda professor hamda Germaniya tomoni vakili sifatida Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlikda fosforit rudalarini qazib olish loyihasida ishtirok etish nasib etdi. O‘sha davrdan boshlangan ilmiy va amaliy hamkorlik bugungi kungacha izchil davom etib kelmoqda.
2024-yil aprel oyida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda qatnashish men uchun yana bir unutilmas voqea bo‘ldi. Mazkur davrdan e’tiboran har yili O‘zbekistonga kelib turibman. Qizilqum mintaqasi va Zarafshon vohasi bilan yaqindan tanish xorijlik olim sifatida ushbu hudud sanoati va infratuzilmasi yil sayin zamonaviy qiyofa kasb etayotganini mamnuniyat bilan kuzatmoqdaman.
Men faoliyat yuritayotgan Freyberg konchilik akademiyasi dunyodagi eng qadimiy tog‘-kon oliy dargohlaridan biri bo‘lib, geologiya, metallurgiya, materialshunoslik, energetika va barqaror resurslardan foydalanish sohalarida xalqaro miqyosda yuksak obro‘-e’tibor qozongan. Freyberg shahri esa asrlar davomida Yevropa konchilik ilm-fani va muhandislik maktabining beshigi sanaladi.
Bugungi kunda Freyberg konchilik akademiyasi va Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, 2025-yildan yo‘lga qo‘yilgan “Foydali qazilma konlarini qazish” yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma magistratura dasturi xalqaro ta’lim integratsiyasining yorqin namunasi hisoblanadi. Ushbu dastur orqali talabalar Germaniya va O‘zbekistonda tahsil olib, o‘quv jarayonini muvaffaqiyatli yakunlagach, bir vaqtning o‘zida ikki davlatning oliy ta’lim diplomini qo‘lga kiritmoqda. Bu esa yosh mutaxassislarga xalqaro mehnat bozorida keng imkoniyatlar yaratish bilan birga, ikki mamlakat ilmiy maktablarini yanada yaqinlashtiryapti. Qolaversa, 2023-2026-yillarda hamkorlikda amalga oshirilgan xalqaro grant, ya’ni Yevropa Komissiyasining “Erasmus+” (“Oliy ta’limda salohiyatni oshirish”) dasturi tomonidan moliyalashtirilgan “Eko-kon va tabiiy resurslarni innovatsion boshqarish” loyihasi ham universitetlar o‘rtasidagi akademik hamkorlikda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Albatta, ilm-fan chegaralarni tan olmaydi. Universitetlar xalqlarni yaqinlashtiradigan, yangi g‘oyalarni birlashtiradigan va kelajak uchun mustahkam poydevor yaratadigan maskandir. Shu ma’noda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti ham Markaziy Osiyoda tog‘-kon ta’limida yetakchi ilmiy tadqiqot markazlaridan biriga aylanib ulgurganini alohida ta’kidlashni istardim.
Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ham yildan-yilga mustahkamlanmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasida siyosat, iqtisodiyot, fan, ta’lim va madaniyat sohalarida ishonchli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bugun ushbu aloqalar universitetlar, ilmiy markazlar va sanoat korxonalari o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar orqali yangi mazmun bilan boyib bormoqda.
Bugungi dunyoda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va raqamli texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish tog‘-kon sanoatining ustuvor vazifalariga aylandi. Bu borada O‘zbekistonning amalga oshirayotgan islohotlari, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga bo‘lgan intilishi va yosh muhandislarni xalqaro standartlar asosida tayyorlashga qaratayotgan e’tibori tahsinga sazovordir.
Ishonchim komilki, Freyberg va Navoiy o‘rtasidagi ilmiy ko‘prik kelgusi yillarda yanada mustahkamlanadi. Bu hamkorlik nafaqat yangi ilmiy ishlanmalar va innovatsiyalarni yuzaga chiqaradi, balki ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni ham yangi bosqichga olib chiqadi. Ilm-fan, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlikni ustuvor yo‘nalish sifatida davom ettirayotgan Yangi O‘zbekiston shubhasiz ulkan marralarni zabt etadi.
Freybergdan Qizilqumgacha cho‘zilgan mazkur ilm yo‘li mening nazarimda oddiy hamkorlik emas. Bu xalqlarni, eng avvalo ilm, ishonch va ezgu maqsadlar birlashtirishini tasdiqlovchi yorqin timsoldir. Ana shu yo‘l kelajak avlodlar uchun ham mustahkam, barqaror va ilhom baxsh etuvchi ko‘prik bo‘lib qolishiga chin dildan ishonaman.
Karsten Drebenshtedt,
Freyberg konchilik akademiyasi professori.
O‘zA