Fransuz tili ta’limida yangi bosqich
Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘qitish sifatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegatsiyasining Fransiyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar nafaqat fransuz tili ta’limi, balki pedagoglar malakasini oshirish, baholash tizimini rivojlantirish va xalqaro sertifikatlash imkoniyatlarini kengaytirishda yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov hamda Fransiyaning nufuzli “Hachette Livre” nashriyot guruhi mutasaddilari o‘rtasida 2027–2030-yillarga mo‘ljallangan rasmiy kelishuv imzolandi. Unga ko‘ra, 1–11-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan “Passe-Passe” va “Imagine” fransuz tili darsliklari O‘zbekiston ta’lim tizimi, milliy qadriyatlari va madaniy muhitiga moslashtiriladi.

Kelishuvning eng ahamiyatli jihatlaridan biri shundaki, 2027–2028 o‘quv yilining o‘zidayoq 190 mingdan ortiq darslik va ish daftari mamlakat maktablariga yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
1826-yilda tashkil etilgan “Hachette Livre” bugungi kunda Fransiyaning eng yirik va dunyoning yetakchi nashriyotlaridan biri hisoblanadi. Nashriyot 100 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritib, har yili millionlab nusxada ta’lim adabiyotlari va xorijiy tillarni o‘qitishga oid o‘quv materiallarini nashr etadi. Bunday tajribaga ega tashkilot bilan hamkorlik O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Tashrif doirasida yana bir muhim uchrashuv “France Education International” bosh direktori Anri Zermak bilan bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida ikki tomon fransuz tili ta’limini yanada rivojlantirish, pedagog kadrlar malakasini oshirish, ta’lim sifati monitoringi va baholash tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, xalqaro DELF va DALF imtihonlarini O‘zbekistonda keng joriy etish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, fransuz tili chet tili sifatida o‘qitiladigan maktablarga beriladigan “France Education” leyblini kengaytirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Bu maqom ta’lim muassasalarining xalqaro talablarga muvofiq faoliyat yuritayotganini tasdiqlovchi muhim mezonlardan biri hisoblanadi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur kelishuvlar nafaqat fransuz tilini o‘qitish sifatini oshirish, balki o‘quvchilarning xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish va O‘zbekiston ta’lim tizimini jahon andozalariga yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Fransiya bilan ta’lim sohasidagi hamkorlikning izchil rivojlanishi mamlakatimizda ko‘p tilli ta’lim muhitini shakllantirish, yoshlarni global bilim va imkoniyatlarga tayyorlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA