Fransiyaning davlat qarzi 3 trillion yevrodan oshdi
Fransiya Bosh vaziri Mishel Barne “France2” telekanali orqali ma’lum qilishicha, davlatning qarzi 3 trillion yevrodan oshgan, mamlakat iqtisodiyoti esa og‘ir ahvolda.
Ma’lumotga ko‘ra, ushbu miqdor 3,16 trillion yevroni tashkil etadi. Barne “na davlat qarzi ko‘payishi, na ekologiya talabi kamayishiga yo‘l qo‘yilmasligi”ni ta’kidladi.
– Xarajatni nazorat qilish va pensiya islohotini saqlab qolishga intilamiz, – deya qo‘shimcha qildi u. – Sog‘liqni saqlash tizimi va immigratsiya nazoratiga ustuvor e’tibor beriladi.
Hukumat rahbari badavlat fransuzlar daromadiga soliq oshirilishini ham istisno etmadi:
– Eng badavlat vatandoshlarimizdan iqtisodiy vaziyatni me’yoriga keltirish choralarida ishtirok etish talab qilinishi mumkinligini istisno qilmayman.
Avvalroq Yelisey saroyi tashqi ishlar vaziri etib Jan-Noel Barro tayinlangan yangi Vazirlar Mahkamasi tarkibini e’lon qilgan edi. Sebastyan Lekornyu Qurolli Kuchlar rahbarligini saqlab qoldi, Bruno Retaylo esa Ichki ishlar vaziri lavozimini egalladi. Iqtisodiyot vazirligini 33 yoshli Antuan Armand boshqaradi.
Yangi tarkibdagi Vazirlar kengashining birinchi yig‘ilishi 23 sentyabrga belgilangan.