Fransiya Saudiya energetika infratuzilmasini himoya qilishga tayyor
Ko‘rfaz mintaqadagi vaziyat keskinlashishi asnosida Fransiya Saudiya Arabistonini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi, mamlakatning energetika ob’ektlarini himoya qilishda yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi vakili ta’kidlashicha, bu ko‘mak faqat mudofaa maqsadida amalga oshiriladi va asosan Yanbu shahridagi majmualar hamda “Sharq – G‘arb” quvuri xavfsizligini ta’minlashga qaratiladi.
Mazkur bayonot Yamandagi xusiylar Saudiya havo hududi harbiy harakat maydoniga aylanishi mumkinligidan ogohlantirishi, Riyoz hamda boshqa shaharlar aeroportlariga berilgan zarba oqibatida uch kishi halok bo‘lganidan so‘ng yangradi. Farang davlati bunday amaliyotni keskin qoralab, hujumni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.
Shuningdek, rasmiy Parij Hurmuz bo‘g‘ozida xalqaro huquq me’yoriga amal qilish va dengiz qatnovini qayta tiklash juda muhimligini qayd etdi. Mamlakat 2024-yil fevral oyidan beri mintaqada dengiz xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqining “Aspides” amaliyotida faol ishtirok etib kelayotgani, vaziyatga qarab ushbu missiyani kelgusida ham qo‘llab-quvvatlash davom etishini bildirdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA