Fozilmon ko‘li yuzlab sayyohlarni jalb etmoqda
FOTOSAYoHAT
Nurota tog‘ tizmalarining Navoiy va Jizzax viloyatlari tutashgan manzilida tabiati maftunkor Sentob qishlog‘i joylashgan.
Nurota shahridan 120 kilometr olisdagi ushbu qishloqning bunday atalishiga uni kesib o‘tgan sersuv Sentobsoy sabab bo‘lgan. Ushbu hududdan qariyb 20 km. tog‘ bo‘ylab ko‘tarilganda, yayov yurilganda esa to‘rt yarim soatlik yo‘lda ko‘l mavjud.
Manbalarda aytilishicha, ushbu Fozilmon ko‘li dengiz sathidan 1 ming 650 metr balandlikda joylashgan. Uning chor-atrofi tog‘lar bilan o‘ralgan. “Fozilmon tog‘i”, deb ataluvchi cho‘qqi pastidagi buloq suvi mazkur ko‘lga quyiladi.
Ko‘l chetida suv tiniq, unda baliqlar, son-sanoqsiz yovvoyi o‘rdak, g‘ozlar suzadi. Uyur-uyur otlar va qo‘ylar ko‘ldan suv ichadi, tabiat in’omidan bahramand bo‘ladi.
Ko‘lning betakror manzarasi ayniqsa, bahor oxirlariga kelib yanada jozibador bo‘ladi. Ushbu manzilga har mavsumda mahalliy hamda Fransiya, Belgiya, Germaniya kabi mamlakatlardan yuzlab sayyohlar tashrif buyurmoqda.



