Foydali hasharotlar avlodini yangilashga alohida e’tibor zarur
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish va dehqonchilik madaniyatini oshirish uchun qator agrotexnik tadbirlarni, jumladan, o‘simliklarni zararkunanda hamda kasalliklardan himoya qilishni ilmiy asoslangan tadbirlar asosida o‘tkazish talab etiladi.
– Qishloq xo‘jaligi ekinlarini zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishda biologik usulning ahamiyati beqiyos, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi Me’yoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘limi bosh inspektori Akbar Qoziyev. – Bu usul tabiatdagi kushandalardan unumli foydalanish (qirib yubormaslik, ekinlar orasiga entomofaglarni jalb qiluvchi o‘simliklar ekish), trixogramma, brakon va oltinko‘z kabi entomofaglarni biolaboratoriyalarda ko‘paytirib, dalaga mavsumiy chiqarish hamda mikroorganizmlar asosida yaratilgan biopreparatlar qo‘llashga asoslangan.
Mamlakatimiz olimlari tomonidan g‘o‘zani biologik usulda himoya qilishning iqtisodiy, biologik va ekologik afzalliklari bilan ajralib turuvchi tizim yaratilgan. Ammo, ayrim biolaboratoriyalarda biomahsulotlarni ko‘paytirishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, ularning sifatiga e’tibor berilmasligi, dalaga tarqatishdagi xatoliklar natijasida bu usuldan samarasiz foydalanish holatlari uchrab turibdi.
Xususan, dalaga tarqatilgan biomahsulotlarning natijasi ko‘rinmayotganining asosiy sabablaridan biri, joylarda foydali hasharotlarning avlodini yangilash ishlariga e’tibor berilmayotganidir. Biolaboratoriyalarda ko‘paytirilayotgan biomahsulotlarning mahsuldorligini oshirish, sifatini yaxshilash va zararkunandalarga qarshi samarali ta’sir ko‘rsatishini ta’minlash uchun biomahsulotlar avlodini yangilash muhim ahamiyatga ega.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2021 yil hosili uchun ekilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarida biologik usulni keng qo‘llash maqsadida bugungi kunda tumanlarda 66 ta biolaboratoriya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu biolaboratoriyalarda 760 kilogramm trixogramma, 350 million dona brakon, 398 million dona oltinko‘z biomahsulotlari ko‘paytirilishi rejalashtirilgan.
Qish mavsumida biolaboratoriya xonalarini isitish, biomahsulotlar ko‘paytirish uchun optimal haroratni ushlab turish, ko‘paytirilayotgan va diapauzaga qo‘yilgan biomahsulotlarni qishdan betalofat olib chiqish, ozuqa hamda isitish mahsulotlari zahirasini yaratish kabi talablarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Mazkur talablarga qay darajada rioya etilayotganini o‘rganish maqsadida boshqarmaning Me’yoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘limi tomonidan tizimli monitoring nazorat tadbirlari amalga oshirilgan holda, mavjud kamchiliklar bartaraf qilinishi ta’minlanmoqda.
Jumladan, biomahsulotlar ko‘paytirish uchun eng asosiy ozuqa mahsulotlari zaxirasini yaratish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining zararkunandalariga qarshi biologik usulda kurashishga puxta tayyorgarlik ko‘rishni ta’minlash uchun tegishli tashkilot va biolaboratoriyalarga amaliy yordam, ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA