Fotosuratlarga muhrlangan mangulik
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekistonda davlat arxivlari tizimi tashkil topganligining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Boqiylikka daxldor asr” nomli fotoko‘rgazma ochildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekistonda davlat arxivlari tizimi tashkil topganligining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Boqiylikka daxldor asr” nomli fotoko‘rgazma ochildi.
Mazkur fotoko‘rgazma O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari Milliy arxivi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent Fotosuratlar uyi hamkorligida tashkil etildi.
Mamlakatimizda milliy tarixiy merosimizni asrab-avaylash, arxiv ishiga doir chora-tadbirlarni bugungi zamon ruhiga monand tashkil etish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari Milliy arxivida saqlanayotgan O‘zbekiston Milliy arxiv fondining noyob fotohujjatlari, ya’ni xalqimizning madaniy merosi bilan keng ommani tanishtirish fotoko‘rgazmaning asosiy maqsadidir.
O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari Milliy arxivi 1943 yilda tashkil topgan bo‘lib, u mamlakatimizda yagona va Markaziy Osiyodagi yirik arxivlardan biri hisoblanadi. Arxivda hujjatli kinofilmlar, fotonegativlar, magnit lenta va gramplastinka kabi ovozli yozuvlar doimiy saqlanadi.
Fotoko‘rgazmada namoyish etilgan fotosuratlar arxivda saqlanayotgan noyob, qimmatli va qiziqarli hujjatli fotosuratlar orasidan tanlab olingan. Ular turli mavzularda bo‘lib, tasvirlarda maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining kundalik hayoti, musiqa maktabi o‘quvchilarining mashg‘ulotlari, milliy hunarmandchilik, xususan, kulol-ustalarning ish faoliyatlari, arxeologlarning ilmiy-tekshiruv jarayonlari, O‘zbekiston san’at arboblarining oddiy xalq bilan muloqoti, ijodiy suhbatlar, chet ellik mehmonlarning mamlakatimizga tashrifi singari jarayonlar aks etgan. Ayniqsa, 1880-1900 yillardagi o‘zbeklar vakillari va ularning ijtimoiy hayoti tasvirlangan fotohujjatlar omma uchun juda qiziqarlidir.
Bir hafta davom etuvchi mazkur ko‘rgazma tadqiqotchilar, pedagoglar, olimlar, talaba-yoshlar, tarixga qiziquvchi o‘quvchilar uchun tashkil etilgan qiziqarli ma’rifiy tadbirlar sirasiga kiradi.