Fotorassomlar va havaskor fotograflar ko‘rgazmasi
FOTOREPORTAJ
Toshkent Fotosuratlar uyining 20 yilligiga bag‘ishlab, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Fotorassomlar sho‘’basi a’zolarining hisobot va havaskor fotograflar qo‘shma ko‘rgazmasi ochildi.
Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, san’at ustalari, taniqli fotorassomlar va yosh iste’dodlar ishtirok etdi.
Toshkent Fotosuratlar uyi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 25 noyabrdagi 264-qaroriga asosan tashkil etilgan. Maskan faoliyati keng va turli-tuman bo‘lib, bu yerda san’at va madaniyat, davlat va nodavlat muassasalari, xalqaro tashkilotlar hamda jamg‘armalar, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan qator davlatlar elchixonalari bilan hamkorlikda ko‘rgazmalar, ilmiy-ijodiy anjumanlar, ijodkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi. Bugungi hisobot ko‘rgazmasida ham O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Fotorassomlar sho‘’basi a’zolari bilan birgalikda havaskor fotograflar ham o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etmoqda.
Tadbirda so‘z olganlar Fotosuratlar uyining hamkor tashkilotlar bilan hamjihatlikdagi faoliyati, ijodkorlar hayotida tutgan o‘rni xususida so‘z yuritdi. Ko‘rgazmada ishtirok etishni istovchi havaskorlar soni ortayotgani, shuningdek, ularning fotosuratlari sifat jihatidan yaxshilanganligi, shu bilan birga Fotorassomlar sho‘’basida ham yangi nomlar paydo bo‘lgani ta’kidlandi.
[gallery-21425]
Ekspozitsiyada taqdim etilayotgan fotosuratlarda hech bir cheklov qo‘yilmagan, ishtirokchilar ijod namunalarini tomoshabinlarga erkin namoyish etishlariga imkon berilgan. Fotoasarlarning mavzulari kabi janrlari ham turlicha, e’tibor berib qaralsa, janrlar va mavzular aralashligini ilg‘ash mumkin.
Hisobot ko‘rgazmasida manzara janri nisbatan ustunlik qilgan. Ushbu janrdagi ijod namunalari orasida S. Kanaki, V. Sokolov, S. Karandayev, A. Korovinning fotolarida lirizm, Z. Ro‘ziqulov, E. Kurtvaliyev ishlarida realizm, H. Shoraxmetov, N. Loshuk, I. Ten fotolarida esa impressionizmga biroz yondashilgani seziladi. R. Sharipov, V. Goncharenko esa o‘z foto ishlarida milliy an’analarimiz va madaniyatimizni taqdim etgan.
Havaskor fotograflar ham turli mavzu va janrlarda o‘z izlanishlarini namoyon qilgan. Ular orasida M. Yusuf, T. Varisxonov, A. Lenkov, A. Pan, M. G‘afarova, N. Butorina, A. Abdulhafizov, A. Naim, A. Vinogradov, L. Abbosova, K. Galiskaya, Sh. Ibadullayeva, Ye. Girda, Z. Shamshimetova, E. Rahmatullinaning ijodiy ishlari tomoshabinlarda qiziqish uyg‘otadi.
Ko‘rgazma 2 fevralga qadar davom etadi.
Kamola YUSUPOVA, Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA