Fosforit rudasini qazib olish hajmi oshiriladi
Mamlakatimizda agrosanoat majmuasi ehtiyojlari uchun fosforit rudasini qazib olish hajmi yiliga 2-2,5 million tonnaga oshiriladi.
"Ferkensco Management Limited" investitsiya kompaniyasi tomonidan ochilgan "NEOFOS" ning yangi ishlab chiqarishi aynan shu o‘sishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ta’kidlash kerakki, "NEOFOS" Navoiy viloyatidagi kon-boyitish kompleksi bo‘lib, uning tarkibiga donador fosforitlarni qazib olish kareri va fosforit konsentratini qayta ishlash bo‘yicha boyitish fabrikasi kiradi.
"Ferkensco Management Limited" investitsiya kompaniyasi matbuot xizmatiga ko‘ra, joriy yilda ushbu korxona tomonidan Jeroy-Sardara konida maydoni 45,7 kvadrat kilometr va chuqurligi 50 metrgacha bo‘lgan karerni o‘zlashtirish ishlari boshlandi.

–Mazkur ob’ektga 27 ta yirik uskunalar jalb qilingan. Ruda qatlamlari gorizontal tekislikda yotadi va ularning qalinligi bir metrgacha bo‘ladi, shuning uchun qazib olish ochiq usulda amalga oshiriladi. Dastlab yuqoridagi yuz qatlami olib tashlanadi, lekin «ko‘ylak» qoldiriladi – u fosforit qatlamini maxsus texnikalar shikastlashidan himoya qiladigan qatlam. O‘zlashtirilayotgan hududda ruda massasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qazib olishdan oldin u olib tashlanadi, – dedi "NEOFOS" korxonasi direktori Iskandar Muxtorov.
Ayni paytda bu yerda 150 nafardan ortiq kishi kon ishlarida band. Loyiha quvvatiga chiqqandan so‘ng "NEOFOS" xodimlarining shtati 500 dan ortiq kishiga yetadi.
–Boyitish fabrikasini ishga tushirish 2023 yilning oxiriga rejalashtirilgan. Uning ochilishiga ishlab chiqarishni to‘liq yuklash uchun zarur bo‘lgan ruda zaxirasi shakllantiriladi. Tayyor mahsulot (fosforit konsentrati) qurilayotgan "Samarqandkimyo" zavodida o‘g‘itlar uchun xomashyo sifatida ishlatiladi. U "Ferkensco Management Limited" investitsiya kompaniyasining yana bir investitsiya loyihasidir.
"Samarqandkimyo" kimyoviy kompleksi O‘zbekistonda fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi eng yirik korxona sanaladi. Har yili ushbu korxona 910 ming tonnagacha yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqaradi. Bu nafaqat mahalliy fermerlarning ehtiyojlarini qoplaydi, balki eksport bozoriga chiqib, xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatlasha oladi. "NEOFOS" ishlab chiqargan xomashyo uchinchi tomon yetkazib beruvchilariga bo‘lgan qaramlikni pasaytiradi va kompleksning uzluksiz ishlashini ta’minlaydi, – dedi "Ferkensco Management Limited" investitsiya kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Timur Jo‘rayev.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA