Forum qatnashchilari ichki ishlar organlari faoliyati bilan tanishdi
Samarqand shahrida 20-21-aprel kunlari o‘tkaziladigan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi global forumda ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy politsiya tuzilmalari delegatsiyalari viloyat ichki ishlar organlari faoliyati hamda yirik tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlash va muvofiqlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Jumladan, Ozarbayjon, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Finlyandiya, Avstriya, Fransiya ichki ishlar vazirliklari vakillari Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasidagi “Vaziyatlar markazi”da bo‘ldi. Mehmonlar markazning zamonaviy boshqaruv va nazorat imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdi.

Shu bilan birga, mehmonlarga ichki ishlar organlarining kundalik faoliyatida qo‘llanilayotgan maxsus texnikalar, qurol-aslaha hamda turli xizmat vositalari namoyish etildi.
Bundan tashqari, xorijiy hamkorlar uchun Samarqand shahrida va yirik turistik ob’ektlarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maxsus taqdimotlar o‘tkazildi. Taqdimotlarda jamoat tartibini saqlash, turistlar xavfsizligini ta’minlash va favqulodda holatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar batafsil yoritildi.

Jarayonda mehmonlar mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berib, ilg‘or tajribani e’tirof etdi.

Shuningdek, kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va tajriba almashinuvini izchil yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA