“Fortuna-elegant”ning rejalari katta
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida 2014-yilning o‘tgan davrida 204 million 503 ming AQSh dollarilik mahsulot va xizmatlar eksporti amalga oshirildi.
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida 2014-yilning o‘tgan davrida 204 million 503 ming AQSh dollarilik mahsulot va xizmatlar eksporti amalga oshirildi.Bunda bolalar va kattalarga mo‘ljallangan kiyim-kechaklar ishlab chiqarayotgan “Fortuna-elegant” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ham munosib hissasi bor. Yuzga yaqin kishi mehnat qilayotgan korxonada tabiiy paxta tolasidan zamonaviy andozada tikilayotgan bejirim liboslarning asosiy qismi eksport qilinmoqda.
– Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar bermoqda, – deydi “Fortuna-elegant” rahbari Abduolim Pirimqulov. – Yaratilayotgan ana shunday sharoit va imkoniyatlardan foydalanib, biz ham yuqori sur’at va sifatga erishish uchun eng zamonaviy tikuv mashinalarini keltirib o‘rnatdik. Endigi rejalarimiz yanada ulkan. Kelgusida faoliyatimizni kengaytirib, yengil sanoatning boshqa yetakchi tarmoqlarida ham o‘zimizni sinab ko‘rish niyatidamiz.
“Fortuna-elegant” ishchilarining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. Tumandagi ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kollejini shu yil bitirgan Gulnoza Tojiboyeva ulardan biri.
– Ishlab chiqarish jarayonida ustozlarimizdan ko‘p narsalarni o‘rganmoqdamiz, – deydi u. – Tikayotgan liboslarimiz chet davlatlarga eksport qilinayotganini o‘ylasam, faxrlanib ketaman, buning mas’uliyatini his etaman.