Forish Parij bilan qachon boʻylashadi?
Buni davlatimiz ham, odamlarimiz ham juda-juda istaydi, albatta.
Buni davlatimiz ham, odamlarimiz ham juda-juda istaydi, albatta. Muhimi, bu manzilda amaliy ishlar allaqachon boshlangan. Hudud qiyofasini oʻzgartirishga katta sarmoyalar ajratilyapti.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan bugun qabul qilingan farmoyish ana shu yoʻldagi navbatdagi muhim qadam boʻldi. Hujjat Jizzax viloyatining Forish tumanida qurilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, hudud infratuzilmasini zamonaviy qiyofaga keltirishni moliyalashtirishga qaratilgan.
Farmoyish avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tashabbusi bilan “Hududlar ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish” jamoat birlashmasi tashkil etilgani haqida maʼlumot beriladi. Shuningdek, oʻtgan yili mazkur birlashma tomonidan Forish tumanidagi qurilish va obodonlashtirish ishlariga 5,1 milliard soʻm miqdorida homiylik xayriyalari jalb etilgani qayd etiladi.
Mana, joriy yilda ham bu ezgu anʼana davom etadigan boʻldi. Yaʼni Hukumat farmoyishiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi hisobidan 10 milliard soʻm mablagʻ Forish tumanida rejalashtirilgan qurilish va taʼmirlash ishlarini tashkil etish uchun ajratiladigan boʻldi.
Ushbu sarmoyalarning 5 milliard soʻmi Forish tumani, Bogʻdon shaharchasi, Amir Temur koʻchasi boʻylab qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlariga kredit berish uchun Xalq banki depozitiga joylashtiriladi.
Qolgan 5 milliard soʻmi esa Forish tumanini zamonaviy qiyofaga keltirish ishlarini moliyalashtirish uchun “Hududlar ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish” jamoa-birlashmasiga yoʻnaltiriladi.